Tojikiston Respublikasi parlamenti quyi palatasi Raisi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv

15:25 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
1095 0

2019-yil 7-oktyabr kuni parlament quyi palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Tojikiston Respublikasi parlamenti quyi palatasi Raisi Shukurjon Zuhurov boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida taʼkidlanganidek, keyingi uch yilda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Bu, oʻz navbatida, parlamentlararo hamkorlikni yanada jonlantirishga turtki boʻlmoqda.

Davlat rahbarlarining saʼy-harakati tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xususan, oʻzaro tovar ayriboshlash hajmi ortdi, ishlab chiqarish, sanoat yoʻnalishlarida ham ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida hamkorlik kuchaydi. Chegaralarning ochilishi esa, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamladi. Ushbu ezgu ishlar mamlakatlarimiz aholisining turmush farovonligiga xizmat qilmoqda.

Suhbat chogʻida yuqori martabali mehmonga bugungi kunda Oʻzbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar xususida maʼlumot berildi.

Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qoʻmita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berildi.

Oʻz navbatida, Shukurjon Zuhurov taklif uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Muzokaralar chogʻida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Tojikiston parlamentlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar doʻstona hamda qardoshlik munosabatlarining chuqurlashuvi, shuningdek, ikkitomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishidagi nazorati “xalq diplomatiyasi”ning samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Muzokaralar davomida muhim yoʻnalishlar, xususan, parlament saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish sohasida ilgʻor tajribalar almashish istagi bildirildi. Ayniqsa, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Parlamentlararo ittifoq va YEXHT Parlament Assambleyasi doirasida oʻzaro birgalikda harakat qilish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Tojikiston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, boshqa sohalardagi aloqalar koʻlamini tobora kengaytirib borish xususida soʻz yuritildi.

Uchrashuv yakunida Tojikiston parlamenti vakillari mamlakatimizda boʻlib oʻtajak parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida faol ishtirok etish uchun taklif etildi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Tojikiston Respublikasi parlamenti quyi palatasi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tojikiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?