Tojikiston Prezidenti o‘z xalqini O‘zbekiston bilan do‘stona rishtalarni mustahkamlashga chaqirdi

15:41 25 Iyun 2018 Siyosat
1087 0
Foto: sputnik-tj.com

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon So‘g‘d viloyatiga qilgan ishchi tashrifi chog‘ida bu yerdagi Shahriston tumani aholisi bilan uchrashdi va mahalliy xalqni O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga chaqirdi.

Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Emomali Rahmon O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan tuman faollari oldida qilgan chiqishida o‘zbeklar bilan do‘stlik rishtalari va biznes aloqalarni mustahkamlashga da’vat etar ekan, Shahristonda tojiklar va o‘zbeklar tinch-totuv va hamjihatlikda yashab kelayotganini eslab o‘tdi.

“Siz bizning do‘stligimiz ko‘p asrlik ildizlarga ega ekanligi, uning boshida tojik va o‘zbek xalqlari farzandlari Mavlono Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy turganini esda tutishingiz lozim”, dedi Tojikiston rahbari.

Shuningdek, Tojikiston rahbari tinchlik va barqarorlik hukmronlik qilayotgan, xalqlari do‘stlik va qardoshlikda yashayotgan davlatlar uzluksiz rivojlanishi, ularning dunyo bo‘ylab nufuzi oshishini ta’kidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?