Tojikiston O‘zbekistondan olayotgan tabiiy gazni kimlarga taqsimlamoqda?

18:54 18 Iyul 2018 Dunyo
408 0
Fotо: Газпром-нефть

Tojikistondagi o‘n ikkita korxona O‘zbekistondan import qilinayotgan tabiiy gazdan foydalanmoqda. Bu haqda kecha “Tojiktransgaz” OAJ rahbari o‘rinbosari Shavkat Shoimzoda ma’lumotiga asoslanib Avesto axborot agentligi xabar tarqatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil ikkinchi choragida qo‘shni davlatdan tabiiy gaz importi hajmi 3,5 million kub metrni tashkil etdi.

“Iyulning 15 kuni mobaynida qo‘shni davlatdan “zangori olov” importi keskin oshdi. Bu vaqt mobaynida qariyb 1 mln. kub metr gaz import qilindi. Gaz xaridining o‘sishi abonentlar soniga bog‘liq”, deya qayd etdi Sh. Shoimzoda.

“Ayni paytda Tojikistondagi 12 ta korxona O‘zbekiston tabiiy gazidan foydalanmoqda. Yana boshqa qator korxonalarning arizalari ko‘rib chiqilmoqda”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Shoimzoda joriy yilda O‘zbekistondan 151 million kub metr tabiiy gaz sotib olish rejalashtirilayotganini ham qayd etib o‘tdi. Tojik iste’molchilari murojaatiga qarab mazkur miqdor oshirilishi mumkin.

“Qo‘shni davlatdan tabiiy gazni yetkazib kelish shartlaridan biri oldindan to‘lovdir”, - dedi Shavkat Shoimzoda.

U ayni paytda aholini O‘zbekistondan jo‘natilayotgan gaz bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ham bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?