Tojikiston O‘zbekiston janubida sement zavodi quradi

14:05 03 Avgust 2018 Jamiyat
201 0
Arxiv foto

Yaqin istiqbolda Tojikiston O‘zbekiston janubida, Surxondaryo viloyati hududida yangi sement zavodi qurishni boshlaydi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri xabar bermoqda.

“Zavod Tojikistonda sement ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan xususiy kompaniya hisobidan quriladi, - deya qayd etib o‘tdi ushbu mamlakat iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Ne’matullo Hikmatullozoda bugun tashkil etilgan matbuot anjumanida. – Biz tojik xususiy biznesini qo‘shni davlat iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga bo‘lgan intilishini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasini bir yilda bir milliard AQSH dollarigacha chiqarish maqsad qilingan.

“Bunday imkoniyat Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar ijobiy tomonga tubdan o‘zgarganidan so‘ng paydo bo‘ldi”, - dedi vazir.

U joriy yil olti oyi mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash 128,3 mln. dollarga yetgani, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 69 mln. dollarga ko‘p ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Tojikiston joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 75 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilgan bo‘lsa, 53,3 mln. dollarlik tovarlarni import qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?