Yuksak marralar sari dadil qadamlar

17:21 09 Avgust 2020 Siyosat
482 0

Tojikiston Respublikasi hukumatining oʻzbek tilida chop etiladigan “Xalq ovozi” gazetasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Termiz Davlat universiteti rektori Abduqodir TOSHQULOVning shu sarlavha ostidagi maqolasi chop etildi. Ikki mamlakat oʻrtasida soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilgan hamkorlik aloqalariga bagʻishlangan mazkur tahliliy materialni eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.

“Ikki tilda gaplashuvchi bir xalq”. Bu taʼrif kimlarga qarata aytilganini darhol anglagandirsiz?! Bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻiga ham oʻxshatishadi ularni. Oʻzbek va tojik xalqlarining oʻzaro birdamligini ifodalovchi bunday tashbehu qiyoslar koʻp. Chunki dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz — mushtarak. Umumiy tarix, uzviy maʼnaviy qadriyatlar chambarchas bogʻlab turadi bizni. Qolaversa, doimiy bordi-keldimiz bor, oʻzaro quda-andamiz. Qarindoshlik rishtalari uzoq oʻtmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyo  — muhim strategik mintaqa

Markaziy Osiyo — bu shunchaki yirik mintaqagina emas, balki noyob tabiatga ega, yer osti va yer usti zaxiralariga boy salohiyatli zamin. Bu yerdan yetishib chiqqan buyuk zotlar, donishmandu allomalarni butun dunyo taniydi, tan oladi. Mintaqamizda oʻz davrida qudratli imperiyalar hukm surgan. Markaziy Osiyo hududiga muhim strategik mintaqa sifatida qaralgan. Hozir ham shunday! Oʻz imkoniyatlari, moddiy va maʼnaviy boyliklari sabab, mintaqamiz yetakchi xorijiy davlatlar manfaatlari toʻqnashayotgan geosiyosiy va geostrategik makon boʻlib turibdi. Ushbu strategik muvozanatda, tabiiyki, Oʻzbekistonning ham, Tojikistonning ham oʻziga xos oʻrni bor.

Xususan, Tojikistonning tashqi siyosati, mintaqaviy integratsiya va xalqaro munosabatlarning ustuvor masalalariga doir pozitsiyasi hamda muammolar yechimi bilan bogʻliq tashabbuslari xalqaro maydonda oʻz eʼtirofini topayotgani rost.

Yaʼni Markaziy Osiyoni faqatgina umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik asosida rivojlantirish mumkin!

Hamjihatlik kengaymoqda...

Bugun Oʻzbekiston ham, Tojikiston ham, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yana-da yaxshilash yoʻlidan bormoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlar esa, doʻstona aloqalarni yangi bosqichga koʻtarmoqda. Qolaversa, ayni shu tamoyillar Sharq va Gʻarb mamlakatlari bilan integratsiyalashuv, xavfsizlik, barqarorlikni taʼminlashdagi hamjihatlik kengayib borishiga xizmat qilyapti.

Tojikiston bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shu tufayli, Oʻzbekiston – Tojikiston oʻrtasidagi aloqalar qayta tiklandi. Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosatga doir pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatdagi obroʻ-eʼtibori oshib borishiga asos boʻlayotir.

Oʻzbek xalqida ajoyib bir maqol bor: bor tovogʻim, kel tovogʻim... Bugun Oʻzbekiston – Tojikiston oʻrtasida aviatsiya sohasida ham hamkorlik oʻrnatilib, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar tiklandi. Tovar ayirboshlash hajmi yil sayin oshib bormoqda. Chegaraoldi hududlar oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanyapti, madaniy - gumanitar sohadagi munosabatlar faollashayotir.

Koʻngil eshiklari ochiq, chegaralar esa, yopiq edi...

Uzoq vaqt bir-biri bilan uchrashmagan, bir-birini sogʻingan doʻstu birodarlar, ogʻa-inilar, jon-jigarlarning diydorlashuvini koʻrganmisiz? Juda taʼsirchan manzara, shunday emasmi? Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari ham ana shunday diydor koʻrishishga mushtoq edi. Biroq koʻngil eshiklari ochiq boʻlsa-da, chegaralar yopiq edi. Oqibatda, biri simtoʻsiqlarning u tomonida, boshqasi bu tomonida qolgan qarindosh-urugʻlar, quda-anda, doʻstu yorlar yorugʻ kunlar kelishini intiqlik, sabru matonat bilan kutishdi.

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga tarixiy davlat tashrifi, Tojikiston yetakchisining Oʻzbekistonga davlat tashriflari oʻrtadagi sovuqchiliklarga barham berdi. Ochiq, oʻzaro ishonchga asoslangan va doʻstona munosabatlar, nafaqat, ikki mamlakat, balki ikki xalq oʻrtasidagi azaliy munosabatlarga ham qayta hayot bagʻishladi. Jumladan, barcha jabhalarda aloqalar tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya tuzildi, chegaradagi oʻtkazish punktlari ochildi, mamlakatlarimiz oʻrtasida transport qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

Yana bir diqqatga molik jihat: Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarida hududlararo aloqalarni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Mamlakatlarimiz viloyatlari oʻrtasida delegatsiyalar almashinuvi, ilmiy aloqalar, hududlararo biznes-forum va koʻrgazmalar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani tahsinga sazovor. Jumladan, Surxondaryo bilan Xatlon viloyatlari, Samarqand bilan Sugʻd viloyatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolandi.

Oʻzbekistonning uglevodorod resurslariga boyligi, mamlakatda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika sohalari jadal rivojlanib borayotganligi, shuningdek, mintaqani birlashtiruvchi qulay transport-kommunikatsiya imkoniyatlari, Tojikistonning esa, kuchli gidroenergetik salohiyati, qurilish sanoatini rivojlantirish imkoniyati yuqoriligi kabi koʻrsatkichlar davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro hamkorlik istiqbolli boʻlishini koʻrsatadi.

Ikki buyuk daho...

Qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlanib ketgan oʻzbek va tojik xalqlarining oʻzaro doʻstligi Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiy asarlarida ham goʻzal tarannum etilgan. Qolaversa, xalqlarimizning yaqinligiga ushbu ikki ulugʻ soʻz sanʼatkori oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik muhim hissa boʻlib qoʻshilgan. Maʼlumki, Abdurahmon Jomiyning koʻrsatgan yoʻl-yoʻriq va maslahatlari tufayli Alisher Navoiy oʻzbek va tojik mumtoz adabiyotining daholaridan biriga aylandi. Ustoz Jomiyning shogirdi - vazir Navoiyga yuborgan maktubi bizni hayratga soladi. Jomiy undan Xoʻja Ahror Valining farzandlarini oʻz qaramogʻiga olishni soʻragan. Ustozining iltimosi Navoiy uchun juda muhim boʻlgan va u, albatta, buni bajargan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-martda Tojikistonga davlat tashrifi sharafiga uyushtirilgan “Doʻstlik oqshomi”da ushbu mamlakat yetakchisi Emomali Rahmon xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari haqida toʻxtalar ekan, har ikkala xalqning aziz farzandi Sadriddin Ayniy fikrlarini keltiradi: «Jomiy va Navoiy oʻz davrining asosiy muammolariga yondashishda maslakdosh boʻlishib, ularni hal etish uchun bir-birlari yordamida kurashishgan, jamiyatning yetakchi kuchlarini ushbu kurashda ishtirok etishga hidoyat qilishgan. Bunday birdamlik ularning adabiy va ilmiy ijodiyoti, jamoatchilik faoliyati, jumladan, Navoiyning siyosiy faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatgan».

Ikki xalqning azaliy doʻstligi, tarixi, madaniyati, qadriyatlari va kelajak taraqqiyotining uygʻunligi timsoli sifatida, Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy sharafiga yodgorlik oʻrnatildi. Dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan bu ikki buyuk mutafakkir haykalining koʻhna va hamisha navqiron shaharda qad rostlashi bejiz emas. Zero, oʻzbek va tojik xalqlarining ulugʻ farzandlari oʻz davrida ilm-fan choʻqqilarini aynan ushbu tarixiy shaharda egallashgan. Qon-qardoshligimiz ramzi sifatida Dushanbe shahrida bobokalonimiz Nizomiddin Mir Alisher Navoiy bogʻi ochilib, unda buyuk shoirga yodgorlik ham oʻrnatilgan.

Etnik emas, intellektual omil birlamchi

Oʻzbekiston zaminida 130dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilishadi. Ularning qalbida, yuz-koʻzlarida osuda otgan tonglar shukronasi, ertangi kunga ishonch, bugungi hayotdan mamnunlik, faxru iftixor tuygʻulari barq urmoqda. Ana shu yurtdoshlarimiz orasida tojik millatiga mansub millionlab fuqarolarimiz ham bor. Ular Oʻzbekistonni ona-Vatan, qadrdon goʻsha, deb biladilar va shu yurtda yagona oila boʻlib, ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilmoqdalar. Chunki bugun yurtimizda insonga baho berilganda, etnik emas, intellektual omilga birlamchi eʼtibor qaratilmoqda. Kim va qaysi millat vakili boʻlishidan qatʼiy nazar, iqtidor, bilim, salohiyat qadrlanayotgan jamiyatda yashayapmiz. Shu bois, boshqa xalqlar vakillari kabi tojik millatiga mansub fuqarolarimiz orasida ham davlat va jamiyat ishlarida masʼul lavozimlarni egallab turganlar, xususan, parlament vakillari, oliy oʻquv yurtlari rektorlari, ijro hokimiyati, huquq tartibot organlari vakillari talaygina.

Kamina ham shular safidaman. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ikki chaqiriq, Senatda ikkinchi chaqiriq faoliyat koʻrsatayotganim, rahbariyat ishonchi bilan yirik taʼlim dargohi rahbari sifatidagi faoliyatim yuqoridagi fikrlarim isbotidir.

Doʻst kulfatda bilinadi

Xalqimiz bejizga: “Qoʻshning tinch - sen tinch”, - demaydi. Oʻzbekiston hamisha qoʻshni mamlakatlarda yashayotgan birodarlarimizning tinch va osuda, farovon hayot kechirishlari tarafdori boʻlib kelgan. Oʻz navbatida, qardoshlik rishtalari mustahkam bogʻlangan tojik xalqiga ham shunday ezgu tilakda. Ikki xalq vakillari “Joningiz ham, molingiz ham sogʻ boʻlsin”, deb niyat bildirishadi. Samimiy aytilgan bu tilakda katta maʼno bor. Zero, ota-bobolarimiz aytganidek, “Hamjihatlikda gap koʻp”. Qolaversa, “Doʻst kulfatda bilinadi” degan naql bor xalqlarimiz orasida. Yaqinda Tojikiston tomoni Oʻzbekistonda roʻy bergan Sardoba suv omboridagi texnogen ofatga befarq qarab turmasdan, 51 vagon qurilish materiallarini yordam sifatida yetkazib berdi. Oʻz navbatida, koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston ham oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, mobil tibbiy konteynerlarni Tojikistonga begʻaraz yordam sifatida taqdim qilishi, oliy toifali shifokorlarning koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Tojikistonga yuborilishi haqiqiy doʻstlik va hamkorlikning amaliy ifodasidir.

Bu oʻzaro yordam va koʻmakni Sharq adabiyotining zabardast vakili Saʼdiy Sheʼroziyning ulkan falsafiy maʼnoga ega quyidagi hikmatlarida koʻrdim:

“Bu boʻstonda doʻstlar etmasa koʻmak,

Mushkul erur maqsad gulini termak.”

Munosabatlar istiqboli dadil qadamlarga bogʻliq!

Doʻstlik chegara bilmaydi. Hamkorlik esa, bardavomlik kasb etishi bilan istiqbolli. Bugun Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlari izchil surʼatlarda davom etmoqda. Uni yana-da yuksak pogʻonaga koʻtarish esa, navbatdagi dadil qadamlarga bogʻliq. Shu maʼnoda kelgusida quyidagi soha va yoʻnalishlarda aloqalarimizni mustahkamlash koʻzda tutilmoqda.

Jumladan, oʻzaro savdo aylanmasini har ikki mamlakat ichki salohiyatiga mos holatda 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotir. Ikki mamlakat biznes tuzilmalari va chegaraoldi hududlari oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirish, qishloq xoʻjaligi texnikasini yigʻish, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor toʻqimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish maqsad qilingan.

Binobarin, har ikki mamlakat hududida qoʻshma korxonalar va savdo uylarini tashkil etish, tashqi savdo infratuzilmalari va eksport-import operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash, ikki tomonlama biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari milliy koʻrgazmalarini tashkil qilish yuzasidan kelishuvlar bor. Oʻz navbatida, energetika sohasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlash, Tojikistonga tabiiy gaz, Oʻzbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish, hududlar doirasida transport va xalqaro tranzit koridorlarini rivojlantirish borasida aloqalar yana-da izchillik kasb etishi kutilyapti.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi ham alohida eʼtiborda. Jumladan, Zarafshon daryosining Tojikiston hududidagi qismida Oʻzbekiston va Tojikiston kompaniyalari ishtirokida 2 ta GES qurishga erishilishi muhim voqelik boʻladi. Qolaversa, Fanlar akademiyalari, oliy taʼlim muassasalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish, ilmiy va madaniy doiralar vakillari uchrashuvlarini tashkillashtirishning ahamiyati katta.

Oʻzbekiston va Tojikiston... Bir mintaqadagi ikki qadim yurt. Bir daryodan suv ichgan ogʻa-inilar... Ularning orzulari bir, maqsadlari mushtarak: yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin, deydi oʻzbeklar... Kishvaramon orom, osmonamon musaffo boshad, deydi tojiklar...

Abduqodir TOSHQULOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, 
Termiz Davlat universiteti rektori.

(Tojikiston Respublikasi hukumati nashri — “Xalq ovozi” gazetasining 2020-yil 6-avgustdagi 31(20191)-sonidan olindi).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?