Tojikiston — Oʻzbekiston munosabatlaridagi “muzlar” qanday eridi? 

11:55 19 Iyun 2020 Siyosat
828 0

Oʻzbekiston — Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh boʻlgan yagona davlat. Shuning uchun mintaqada uning mavqei oʻzgacha. Respublikadagi yangilanishlar, islohotlar nafaqat Oʻzbekistonning oʻzi, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham katta taʼsir koʻrsatish ahamiyatiga ega. Hech kimga sir emas, geografik, demografik va iqtisodiy salohiyati bilan bu oʻlka Markaziy Osiyoning yuragi deb tan olingan.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan soʻng oʻtgan vaqt davomida chegaradosh respublikalar bilan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yondashuv mintaqa birligining asosi boʻlib xizmat qilmoqdaki va bundan hududdagi barcha xalqlar faqat mamnun boʻlyapti.

Bir daryodan suv ichgan ikki xalq

Qoʻshni Tojikiston bilan Oʻzbekistonni umumiy tarix, uzviy maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turadi. Biz — ikki qardosh xalq azaldan bir daryodan suv ichib, oʻzaro quda-anda boʻlib, et bilan tirnoqday yashaganmiz. Garchi ikki tilli boʻlsak-da, turish-turmushimiz, madaniyatimiz bir. Musiqamiz, qoʻshiqlarimiz, hatto folklorimiz ham bir-biriga tutashgan. Azaliy qoʻshnilik va oʻzaro hurmat anʼanalari davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda mustahkam asos boʻlib xizmat qilyapti.

Vaqtlar boʻldiki, qon-qardosh, quda-anda xalqlar orasiga sunʼiy “devor” qoʻyildi. Oʻzaro bordi-keldi ushalmas orzuga aylandi. Tojikiston hamda Oʻzbekiston munosabatlari esa turli geosiyosiy va ayrimlar fikricha, shaxsiy sabablar bois oʻtgan yillar davomida taranglashib ketgan edi.

Biroq ikki davlat Prezidentlari Emomali Rahmon hamda Shavkat ­Mirziyoyevning shaxsiy siyosiy irodalari va uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosatlari tufayli soʻnggi yillarda mamlakatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz doʻstligi mus­tahkamlandi. Markaziy Osiyo birdamligi bugun muhim bir bosqichga kirdi.

Diplomatik aloqalar oʻrnatilgan 1992-yildan buyon ikki mamlakat oʻrtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada yuzdan ortiq shartnoma hamda kelishuvlar imzolangan. Bu hujjatlar hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini qamrab oldi hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa ­sohalarda birgalikdagi harakatlarni mustahkamlash uchun asosga aylandi. 1993-yil 4-yanvarda imzolangan Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda 2000-yil 15-iyundagi Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomada munosabatlarimizning asosiy tamoyillari belgilab qoʻyilgan. Bular: mustaqillik va davlat suverenitetini oʻzaro hurmat qilish, teng huquqlilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, davlat darajasida ham, xoʻjalik yurituvchi subyektlar darajasida ham oʻzaro manfaatli iqtisodiy sheriklik aloqalarini oʻrnatishga intilish. Ammo haqiqat shu ediki, bu hujjatlar, asosan, qogʻozda qolib, amaliy tomondan hamkorlikka huquqiy asos boʻlmadi...

Tarixiy voqelik

Oʻtgan qisqa davr ichida tojik — oʻzbek munosabatlarini mustahkamlash uchun juda kuchli turtki berildi. Ulkan oʻzgarishlar sodir boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyevning 2018-yilda davlat tashrifi maqomida amalga oshirilgan Tojikistonga safari bilan ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochildi.

Dushanbeda doʻstona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni ken­gaytirish hamda chuqurlashtirish omili boʻldi. Bugun har ikki mamlakat ­rahbarlari koʻp tomonlama sheriklikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qatʼiy xohish, shuningdek, yangi marralarni yelkama-yelka turib zabt qilishga boʻlgan intilishni namoyon etmoqda.

Oʻzaro doʻstona aloqalar aniq ­amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda, oʻsib boruvchi trayektoriya boʻylab rivojlanmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar “yorib ­chiqish” singari taʼriflarni tobora koʻproq ishlatishyapti. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki xalq manfaatlari yoʻlidagi yangi maqsadlar va istiqbolli rejalar bilan toʻlgan.

Xususan, Germaniyaning Bremen shahri hududiy parlamenti prezidenti ­Kristian Veberning quyidagi soʻzlariga eʼtibor qarataylik.

— Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan Oʻzbekistondagi vaziyat tezkor ravishda ijobiy tomonga oʻzgardi. — Rasmiy ­Toshkent oʻz tashqi siyosiy faoliyatini jadallashtirib, ayniqsa, qoʻshnilar bilan munosabatlarda qisqa muddatda katta yuksalishga erishdi.

Oʻzbekiston toʻgʻri yoʻlda harakatlanmoqdaki, qoʻlga kiritilayotgan ijobiy natijalar buni yaqqol isbotlaydi. Xususan, Oʻzbekiston rahbarining Tojikistonga davlat tashrifi tarixiy voqea boʻlgani barobarida, ikki tomonlama munosabatlarda yangi imkoniyatlarni ochishiga shubha yoʻq. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli islohotchi va uzoqni koʻra biladigan siyosatchi ekaniga ishonch hosil qilyapmiz. Uning boshchiligida olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Zero, bu tashabbuslar mintaqada tinchlik, ­osoyishtalik hamda taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.

Muloqotdagi mustahkam ishonch

2016-yil sentyabrdan to shu kunga qadar Tojikiston va Oʻzbekiston yetakchilarining uchrashuvlari, telefon soʻzlashuvlari muntazamlik kasb etgan. Muloqot xarakteri koʻp jihatdan bizning davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasida shakllangan oʻzaro ishonchdan kelib chiqadi. Bu jihat davlatlar yetakchilari bir-birlariga “aziz birodarim” deya murojaat qiladigan norasmiy munosabatda ham namoyon boʻladi.

Yuqori darajada oʻrnatilgan ochiq, samimiy muloqotlar hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam poydevor qoʻydi.

2018-yilning avgustida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi esa oʻzaro hamkorlik rivojida navbatdagi ulkan voqea, deb eʼtirof etildi.

Chunonchi, Tojikiston — Oʻzbekiston aloqalarining zamonaviy taraqqiyoti haqida Rossiyaning “Nezavisimaya ­gazeta” nashrida quyidagi fikrlar bildiriladi:

“Tojikiston va Oʻzbekiston bu yil bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. ­Tojikiston Prezidenti Emomali ­Rahmon qariyb yigirma yil mobaynida ilk bor Toshkentga tashrifini amalga oshirdi. Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan iliq va doʻstona muzokaralar qator hujjatlar, shu jumladan, Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi hamda ikki mamlakat davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha bitimlarning imzolanishi bilan yakunlandi”.

Chegaralar ochilishi — chinakam baxt

2018-yilning 1-martida ikki mamlakat fuqarolari hayotida chinakam unutilmas baxtli onlar boshlandi. Boisi shu kundan Tojikiston va Oʻzbekiston rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq misoli oʻlaroq, oʻzbek — tojik davlat chegarasi orqali 9 ta oʻtish punkti tantanali ravishda ochildi.

Xususan, Samarqand viloyatidagi “Jartepa” (“Sarazm”), Jizzax viloyatidagi “Kushkent” (“Oʻratepa”) va ­“Uchqoʻrgʻon” (“Havotogʻ”), Sirdaryo viloyatidagi “Xovosobod” (“Zafarobod”), Toshkent viloyatidagi “Bekobod” ­(“Xashtyak”), Namangan viloyatidagi “Pop” (“Navbunyod”), Fargʻona viloyatidagi “Ravot” (“Ravot”), Surxondaryo viloyatidagi “Gulbahor” (“Ayvodj”) kabi avtomobil yoʻllaridagi punktlar, ­shuningdek, temir yoʻl chizigʻidagi ­“Amuzang” (“Hoshadi”) punkti ochildi.

Chegara punktlarining ochilish ­marosimlari ikki mamlakat rasmiy vakillari hamda tutash tumanlar aholisi ishtirokida tantanali tarzda va doʻstona muhitda oʻtdi.

Qardosh xalqlarimiz sabrsizlik bilan kutgan mazkur voqelik fuqarolarning oʻzaro qatnovini osonlashtirishga imkon yaratdi. Bu esa, oʻz ­navbatida, ikki mamlakat doʻst ­xalqlarining qarindoshlik aloqalarini saqlashga xizmat qilmoqda.

Doʻstlik koʻprigi

Xabaringiz bor, transport-kommunikatsiya tizimlari, sanoat va savdosi sobiq ittifoq davrida bir-biriga chambarchas bogʻlanib ketgan Oʻzbekiston va Tojikistonning ayni sohalardagi aloqalari mustaqillik yillarida deyarli barbod boʻldi. Avvaliga transport aloqalari, xususan, Dushanbe — Toshkent yoʻnalishidagi samolyotlar parvozi bekor qilindi. Keyinroq Tojikiston osha Fargʻona vodiysiga tushgan yoʻldan foydalanish toʻxtadi. Ikki mamlakat oʻrtasida viza tizimi joriy qilinish bilan birga, chegaradosh hududlar minalashtirildi. Bu yuzlab begunoh insonlarning minaga duch kelib halok boʻlishigacha olib ­keldi...

2016-yildan soʻng chegaralar ochilib, “devor”lar quladi, sim toʻsiqlar oʻrnini “doʻstlik darvozalari” egalladi. Biroq Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turk­manistondan koʻra, Tojikiston bilan “muzlik”ni eritish oson kechmasligi aniq edi. Chunki doʻstlik koʻpriklari birmuncha “yonib” ketgandi. Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasida mustaqillik yillaridan soʻng 20 yildan ziyod vaqt mobaynida rishtalar faqat uzilib bordi. Vaholanki, ­xalqlarimiz Markaziy Osiyo xalqlari orasida bir-biriga eng yaqini hisoblanadi.

Xalqlarimiz qiz olib, qiz bergan, qarindosh boʻlgan. Urf-odatlari ham ikki tomchi suv kabi bir-biriga oʻxshashdir. Ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi munosabatlarning iliqlashishi, birinchi navbatda, oddiy odamlar hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Buning tasdigʻi sifatida nazorat ­punktlarining ochilishi, davlatlarimiz oʻrtasidagi temir yoʻl va aviaqatnovning tiklanishi xalqlarimiz tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Chegarani kesib oʻtayotganlar oʻzgarishlarni darrov sezishdi. Ikkala tarafdagi chegarachilar ham muloyimlik bilan oʻz ishlarini bajarmoqda, avval boʻlgani kabi, arzimagan narsa bilan muammo chiqarishga urinmayapti.

Boz ustiga, Oʻzbekistonning transport yoʻlaklari mintaqaviy hamkorlik uchun oʻta muhim. Bu yoʻlaklar Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, jumladan, Afgʻoniston bilan ham oʻzaro tijoriy aloqalarni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratishi mumkin.

Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasida transport, iqtisodiy hamkorlik hamda energetika sohasidagi munosabatlarning iliqlashuvi natijasida mintaqada sobiq ittifoq davrida mavjud boʻlgan yagona energotizim tiklandi.

Minalardan tozalash — haqiqiy jasorat

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyevning 2018-yil mart oyida ­Tojikistonga davlat tashrifi yakunlariga koʻra, ikki davlat yetakchisi umumiy chegarani minalardan tozalash boʻyicha barcha ishlar 2019-yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olishgandi.

2020-yilning ilk kunlarida mamlakatlarimiz rasmiylari Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegaralarga oʻrnatilgan minalar butunlay tozalanganini eʼlon qildi. Oddiy tojikistonliklar, ayniqsa, Oʻzbekiston bilan chegarada yashayotgan kishilar chegaralar minadan tozalangani haqidagi xabarni quvonch bilan kutib olishdi.

Chegaradagi inson halokatiga sabab boʻlgan dastlabki mina portlashi Isfarada, 2000-yilning 29-avgustida yuz bergan. Bu portlash natijasida Oʻzbekistonning Beshariq tumani bilan chegaradosh Qizilpilol qishlogʻida yashaydigan ikki ayol va ikki qizaloq halok boʻldi. Bir ayol va yana bir qizaloq yaralandi.

Qizilpiloldan soʻng Isfaraning Lakkon, Oftobroʻ, Kulkent, Chilgʻozi, Nefteobod kabi aholi maskanlarida, Shimoliy Tojikistonning Asht, Konibodom, Panjakent, Shahriston tumanlarida yashaydigan kishilar ham qurbon boʻlishdi. Mina qurbonlaridan birortasi na terrorchi, na bangivor modda tashuvchi boʻlgan. Biri mol boqib yurgan, biri ravoch terish uchun toqqa chiqqan yo Oʻzbekiston tomonida yashaydigan qarindoshlarini koʻrib kelishga otlangan oddiy odamlar boʻlishgan...

Xayriyat, bu kunlar oʻtib ketdi.

Pandemiya va texnogen ofat davridagi insonparvarlik

Doʻst ogʻir kunlarda bilinar ekan. Butun dunyoni zabtiga olgan korona­virus pandemiyasi doʻstu dushmanni elakdan oʻtkazdi. Doʻstni dushmandan ajratdi. Bir maʼlumot: Tojikistonga oʻtgan uch oyda Oʻzbekistondan boshqa davlatlarga qaraganda koʻproq miqdorda gumanitar yordam joʻnatildi.

9-aprel kuni Oʻzbekiston Tojikistonga un va antiseptiklardan iborat 18 vagon gumanitar yordam yuborgan boʻlsa, 7-may kuni Oʻzbekiston gumanitar yordam sifatida Tojikistonga 144 ta mobil tibbiy konteyner yubordi. Bu koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish va davolash uchun moʻljallangan tibbiy konteynerlar ogʻir kunimizga yaradi. Tibbiy konteynerlar toʻliq jihozlangan va ularda choyshablar toʻshalgan oʻrin, yuvinish xonasi va hojatxona mavjud. Hatto konditsionerlar ham oʻrnatilgan. Shuningdek, oʻzbekistonlik 8 nafar oliy toifali shifokor koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Tojikistonga yuborilgani biz tojikistonliklarni behad xursand qildi.

May oyi oxirida yana Oʻzbekistondan katta miqdorda insonparvarlik yordami yuborildi. Oʻzi ham korona­virus balosidan aziyat chekayotgan Oʻzbekistonning ogʻir payt boʻlishiga qaramay, taʼbir joiz boʻlsa, mayizini qirqqa boʻlib, qoʻshnilariga ham ­ilinayotgani oʻzbek xalqining bagʻrikeng­ligi va tantiligini koʻrsatib ­turibdi.

Shu yilning 1-may kuni Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori texnogen ofat sababi bilan yorildi. Bu hodisa tufayli ­minglab aholi uy-joyidan koʻchirildi. Oʻzbek birodarlarimiz boshiga tushgan ofatni koʻrib Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning dasturiga binoan Oʻzbekiston ­Respublikasiga 51 vagon qurilish ­materiallari yordam sifatida yetkazib berildi...

Muxtasar aytganda, Markaziy ­Osiyoda ijobiy oʻzgarishlar shamoli esmoqda. Ana shu oʻzgarishlar epkinida mintaqamiz davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi, maslahat uchrashuvlari, muloqotlari faqat va faqat xalqlarimiz farovonligiga, davlatlarimizning gullab-yashnashiga xizmat qilsin.

Ilohim, tojik va oʻzbek xalqining doʻstligi bardavom boʻlsin.

Qobiljon XUSHVAXTZODA,
Tojikiston milliy universiteti rektori, 
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?