Tojikiston mamlakatda ishlab chiqarilayotgan sement oldi-sotdisini nazoratga olayapti

15:24 04 Iyul 2018 Dunyo
240 0

Tojikistondagi bir nechta sement zavodlariga egalik qiluvchi Xitoyning “Xauksin” kompaniyasi o‘z mahsulotlarini kelgusi yildan boshlab O‘zbekistonga Tojikistonning Toshkentdagi savdo uyi orqali sotadigan bo‘ldi.

Mazkur kompaniya o‘zi mustaqil tarzda O‘zbekistonga sement sotardi. Chegaralar ochilib, viza masalasi hal bo‘lgandan so‘ng, Tojikiston bu jarayonni o‘z nazoratiga olishga qaror qildi.

Savdo uyi direktori Hamroxon G‘aniyevning aytishicha, ular barcha sement ishlab chiqaruvchilarga murojaat bilan chiqib, mahsulotlarni ushbu savdo uyi orqali eksport qilinishini talab etgan. Bundan avval “Xuaksin” kompaniyasi o‘z hamkori bo‘lgan “Gayur” kompaniyasi iltimosiga qaramay, sement mahsulotlarini o‘zi sotib, tushgan daromadlarni o‘z ixtiyorida qoldirgan.

“Biz bu masala bo‘yicha Xitoy tomoni bilan muzokaralar olib bordik. Ular bayonot berib, o‘zbekistonlik sheriklar bilan 2017 yilda hali Tojikiston savdo uyi bo‘lmagan paytda shartnoma imzolaganlari, shu sababli hozir bu shartnomani buza olmasliklarini aytishdi. Shartnomalarning amal qilish muddati – 2018 yilning dekabrigacha. Biz bundan keyin shartnoma muddati uzaytirilmasligi va sement mahsulotlari Tojikistonning Toshkentdagi savdo uyi orqali sotilishi lozimligini so‘radik”, - dedi H.G‘aniyev.

Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston bilan chegaralar ochilganidan so‘ng sement eksporti bir necha bor ko‘paygan. Yil oxiriga qadar eksport hajmi 500 ming tonnadan oshib ketadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?