Tojdor yov maʼnaviy kemtiklik bor joyga intiladi

18:54 16 Aprel 2020 Jamiyat
585 0

Arxiv surat

Insoniyat yaralibdiki, sinovlar toʻfonidan boshi chiqmaydi. Urushlar, qahatchiliklar, toshqinlar, ofatlar, xastaliklar necha ming yillar davomida qanchadan-qancha kishilarning umriga zomin boʻlmadi?! Togʻlar oʻrnida dengizlar,sahrolar oʻrnida jannatmakon boʻstonlar paydo boʻldi.

Mana, hozir innovatsiyalar asrida yashayapmiz. Ulkan-ulkan mexanizmlar klaviaturaning bir nuqtasi bilan harakatga keltirilmoqda. Kompyuterlar “miya”si orqali odam bolasi bajarishi mushkul boʻlgan jarayonlar tartibga solinayotir. Lekin, taassufki, dunyo haliyam notinch. Urush degan ofat XXI asrda ham bor. Faqat endilikda qurollar boshqa, manfaatlar toʻqnashayotgan nuqtalar oʻzgargan, xolos. Hanuz hamma bir yoqadan bosh chiqarib, aniq maqsadlar sari intilgisi kelmaydi. Kimdir paysalga soladi, kimdir qarshi chiqadi, yana allakimlar mutlaqo bosh tortadi. Oqibatda kelishmovchiliklar avj olaveradi. Toʻqnashuvlar uchun bahonalar topilaveradi.

Mana, sayyoramiz shundoq ham urushlar, ekologik inqiroz, zaxira va resurslar taqchilligi kabi muammoyu tahlikalar girdobida qalqib turgan bir zamonda insoniyat boshiga yana bir ogʻir sinov tushdi. Lekin bu gal butun jahon birlashdi. Hech kim “Bizning manfaatlarimizga mos emas”, deb oʻzini chetga tortmadi. Chunki bu urushda gʻolib tomon boʻlmaydi. Dushman bitta, yov aniq. Uning nomi — koronavirus!

Hamjihatlik judayam zarur!

1945-yil 6-avgust. Amerika aviatsiyasi Yaponiyaning Xirosima shahriga atom bombasi tashladi. Oʻsha onda bir yoʻla 80 ming kishi halok boʻldi. Oradan uch kun oʻtib, yaʼni 9-avgust kuni Nagasaki shahri bombardimon qilindi. Bu yerda qariyb 70 ming kishi jon taslim qildi.

1986-yil 26-aprel. Chernobil atom elektr stansiyasidagi reaktor portlashi 4000 kishini hayotdan olib ketdi.

2011-yil 11-mart. Yaponiyada yuz bergan 8,3 magnitudali kuchli yer silkinishi oqibatida 20 ming kishi hayot bilan vidolashdi...

Bugun ana shu halokatlarni katta qaygʻu bilan eslar ekanmiz, qaysidir mamlakat, qaysidir manzil nomini tilga olamiz. Hatto jahon urushlari ham dunyoning barcha nuqtalarida sodir boʻlgan emas. Lekin koronavirus infeksiyasi yer yuzini tamomila zabt etib borayotir. Hozirgacha bu xastalikka chalinganlar qariyb 2 million kishiga yetdi. Vafot etganlar soni 120 mingga yaqin. Bu — hozir biz daf qilishga urinayotgan halokat koʻlami, ofat miqyosini anglatuvchi bir dalil.

Albatta, inson salomatligidan qadrliroq neʼmat yoʻq. Ammo bu tojdor ofat dunyo iqtisodiyotiga ham katta ziyon keltirmoqda. Mutaxassislarning bashorat qilishicha, mazkur koʻrsatkich 2 trillion dollardan kam boʻlmaydi. Endi oʻzingiz oʻylang. Ushbu oʻlat-ku hademay yer yuzidan butunlay yoʻqotiladi. Bunga hech qanday shak-shubhamiz yoʻq. Lekin qanchadan-qancha mamlakatlar, qanchadan-qancha korxonayu zavodlar inqiroz yoqasiga kelib qolishini tasavvur etib koʻring! Ularning yana avvalgidek qaddini tiklab olishi uchun qancha vaqt zarur boʻladi?

Demak, bugun biz, ongli mavjudot va ayni damda ojiz bandalardan talab etiladigan narsa bitta — HAMJIHATLIK!

Uyingizdan ilon chiqqanmi?

Shukrki, kasallikning nomi fanga maʼlum. Unga tashxis qoʻyish koʻnikmasiga ham egamiz. Koronavirusga qarshi vaksina hali yaratilmagan boʻlsa-da, uni yuqtirib olmaslik choralari haqida yetarlicha tushunchamiz bor. Shu sababli mutasaddi va mutaxassislar odamlardan faqat bir narsani soʻramoqda: uyda qolish hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilishni! Lekin shuni ham uddalay olmayapmiz baʼzida. Mana, mamlakatimizda karantin qoidalarini buzgan shaxslar soni virusga chalinganlar miqdoridan qariyb 100 barobar koʻpayganini qanday izohlash mumkin?! Nahotki bunday oʻzboshimchalik, oliftagarchilik bilan nafaqat oʻzimiz, yaqinlarimiz, balki butun insoniyat taqdiriga xavf solayotganimizni anglash uchun katta aql-farosat talab etilsa?!

Xoʻsh, bu nimadan dalolat?

Gap shundaki, yangi dunyo, shu jumladan, ongu tafakkurimiz bu ofatga tayyor emas edi. Pandemiya misolida yana bir haqiqat oshkor boʻlib qoldi: insoniyatning asosiy qismi koʻcha hayotiga oʻrganib va bogʻlanib qolgan ekan. Uyga faqat yotadigan joy sifatida qarashga odatlanayotgan ekanmiz. Bir paytlar rivojlangan davlatlarda faqat koʻcha-koʻyda taomlanadiganlarni koʻrganimizda yo eshitganimizda ajablangan boʻlsak, endi bu odat oʻzimizning hayot tarzimizga ham aylanib borayotir. Haftalab xonadonida qozon qaynatmaydigan, restoranma-restoran, kafema-kafe yuradigan yangi bir toifa, qatlam shakllangani ham bor gap.

Shiddat bilan tarqalayotgan virus esa ularni uyda oʻtirishga majbur etdi. Mazkur toifaga mansub odamlar buni goʻyo qamoq singari jazo deb qabul qilindi. Oqibatda odam bolasi mazkur holatga ong ostida adolatsizlik, deb qaray boshladi. Ichki isyon uygʻondi vujudida. Shu oʻrinda keksalarimizning koʻchadan beri kelmaydiganlarga qarata aytadigan jaydari bir tanbehi yodga tushadi: nima, uyingizdan ilon chiqqanmi?

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning qayd etishicha, karantin bilan bogʻliq qatʼiy qoida va talablarning joriy etilishi dunyoda oilaviy ziddiyatlar va janjallarning kuchayishiga olib ketayotgan ekan. Buning ildizi qayerda?

Dunyo olimlari yana nimadan tashvishda?

Ikkinchi jahon urushi yillarida odamzod yaxshi xabarni mahtal bilan kutadigan boʻlib qolgandi. Agar biror xonadonga “qora xat” kelib qolsa bormi, 500 yoki 1000 xoʻjalik yashaydigan butun boshli qishloq motamga choʻmganini ham gapirib bergan boboyu momolarimiz. Hozir ana shu qishloqqa bir kunning oʻzida “oʻsha qora” xat singari minglab shumxabarlar kirib bormoqda. Chunki axborot oqimi nihoyatda kuchli. Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boʻlgan. Telegram kanallarni koronavirus bilan bogʻliq negativ maʼlumotlar, boz ustiga, uydirma va yolgʻon-yashiq xabarlar bosib ketdi. Ortiqcha vahimaga berilish, keragidan ortiq xavotirlanish esa insonlar ruhiyatini zoʻriqtirib qoʻymoqda. Shu sababli dunyo olimlari bugun odamlardagi psixoz holatidan jiddiy tashvishda. Bu esa pandemiya xavfidan kam muammo emas!

Virusning emas, oʻzimizning umrimizni uzaytiraylik!

Hozir jigʻildonni, choʻntakni oʻylaydigan palla emas! Insoniyat ruhiyati bilan oʻynashish yaxshilikka olib kelmaydi. Insof, diyonat degan tushunchalar qadri shunday paytda koʻproq bilinayotgandek.

Bunday deyishimizning boisi bor. Negaki, baʼzi axborot manbalari odamlarga qutqu solish, ularda vahima uygʻotish bilan ovora. Maqsad — oʻquvchisini koʻpaytirish, yanayam koʻproq reklama beruvchilarga ega boʻlish.

Masalan, biri tojdor virusni falon davlat atayin tarqatibdi, deb yozsa, boshqasi koronavirusni biologik qurol, deb aytmoqda. “Hammayoq yopilarmish, narx-navo oshib ketarmish”, degan igʻvolar uchun dastlabki haftalarda odamlar qop-qop kartoshkayu piyozni, sabziyu unni uyiga keragidan ortiq gʻamlab qoʻydi. Ehtimol hozirgi iqlim sharoitimizda oʻsha noz-neʼmatlar chirib, isteʼmolga yaroqsiz holga ham kelgandir.

Joriy yilning 23-mart kuni Termiz shahrida savdo-sotiq bilan shugʻullanayotgan bir fuqaroga nisbatan “falon-falon kishilarda koronavirus aniqlanibdi”, degan yolgʻon xabari uchun sud hukmi oʻqilganidan ham xabaringiz bor.

Karantin qoidalarini buzib, jazolanayotganlar orasida omma eʼtiborida boʻlgan “yosh blogerlar”niyam koʻrdik. Soʻnggi paytlarda instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda faol va salmoqli kuzatuvchilariga ega blogerlar birin-ketin karantin qoidalarini buzib, buni tarmoqda koʻz-koʻz qila boshladilar. Tabiiyki, mazkur holat koʻpchilikning gʻazabini qoʻzgʻadi. Oqibatda aybdor blogerlarga 15 va 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanildi.

Bir narsani unutmaylik, sarosima, vahimaga berilish bu laʼnati virusning umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Biz esa hozir oʻzimiz, yaqinlarimiz umrimizni uzaytirish haqida qaygʻurishimiz kerak. Bu esa qoʻlimizdan keladigan ish!

Davlatga oson tutmang!

Koronavirus shunday oʻlat ekanki, u ayolu erkakni, boyu kambagʻalni, yoshu qarini ajratib oʻtirgani yoʻq. Avvalo, oʻz ehtiyotini qilmaganlarga yopishyapti. Salomatligini yetarlicha qadrlay olmaydiganlarga xavf solmoqda. Maʼnaviyatida kemtiklik bor odamlarning izidan quvib yuribdi.

Chunki karantin qoidalariga amal qilish, avvalo, oʻzini hurmat qilish degani! Buning uchun insonning aql-farosati, taʼlim-tarbiyasi moʻrt boʻlmasligi kerak!

El boshiga ish tushgan hozirgiday ogʻir vaziyatda davlatimizga ham oson tutib boʻlmaydi. Bir oyga yaqin vaqt ichida karantin bilan bogʻliq qancha cheklovlar joriy etilgan boʻlsa, shuncha imtiyozlar ham berildi xalqimizga. Axir kreditlar, toʻlovlar, soliqlarning kechiktirilishi, tashkilotu korxonalar eshigiga qulf osilishi davlatga ozmuncha ziyon keltiradimi? Lekin Prezidentimiz faqat va faqat odamlar salomatligini oʻylab ish tutmoqda.

Qarang, pandemiya aniqlangan qisqa muddatda davlatimiz rahbari koronavirus tarqalishining oldini olish borasida uch marta videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi, toʻrt marta xalqqa murojaat qildi. Ikkita farmon, oltita qarorni imzoladi. Vazirlar Mahkamasi oʻnlab hujjatlarni qabul qildi.

Lekin biz nima qilyapmiz? Namanganda kimdir hoji toʻy oʻtkazsa, Andijonda kursdoshlar uchrashib, bazmu jamshid qilsa, Toshkentda kuyov navkarlar jam boʻlsa, Jizzaxda askarlikdan qaytish marosimi nishonlansa... Qanday qilib kasallik ortga chekinsin axir?

Uyma-uy kirilib, muhtojlarga xayriya yordamlari tarqatilyapti. Bozorlarda kundalik isteʼmol mahsulotlari taʼminoti joy-joyiga qoʻyilmoqda..

Shunga qaramay, baʼzi axborot manbalari odamlar orasida fitna qoʻzgʻash payidan boʻlmoqda. Ular tirnoq ichidan kir qidirish bilan ovora. Ehtiyojmandlarimizning koriga yaraylik, deb davlat baʼzi xonadonlarga kartoshka, sabzi, yogʻ, piyoz, un, makaron, shakar, goʻsht kabi noz-neʼmatlar yetkazib bersa-yu, ayrim noshukr bandalar shundan ham nolib, uyalmay-netmay internetda igʻvo gaplar tarqatishsa, xafa boʻlmay ilojingiz yoʻq. Ana shunday pallalarda kimning aslida kim ekani ayon boʻlib qolmoqda, nazarimda. 

Ongimizda boʻshliq boʻlmasin!

Pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash, huquq-tartibot, OAV, bank-moliya sohasi vakillari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar zimmasiga katta masʼuliyat tushmoqda. Ularning faoliyat yoʻnalishi asosan bu xastalikni yengish, talafotlarini kamaytirishga qaratilayotir. Lekin odamlar, ayniqsa, yoshlarimiz ruhiyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zoʻriqishlar, asoratlarni bartaraf etish masalasi bilan shugʻullanishga fursat topolganimiz yoʻq.

Vaholanki, buning uchun ijtimoiy institutlar oyoqqa turishi kerak. Yoshlar va aholining boshqa qatlamlariga mos ijtimoiy loyihalarni koʻpaytirish joiz. Negaki, xalqimiz hozir uyda oʻtiribdi. Ularning aksariyati — internetdan faol foydalanuvchilar. Ongu tafakkuri asosan negativ axborotlarni qabul qilish bilan band. Ayni sababdan har bir qatlam qiziqishiga mos telegram kanallarni, ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarni ochish foydadan xoli boʻlmaydi. Ularda har bir qatlam qiziqishiga mos loyihalar, aksiyalar, chellenjlar berib borilsa, nur ustiga aʼlo nur. Shu orqali yurtdoshlarimizni salbiy axborotlar orbitasidan boshqa tomonga burish, hayotga ishtiyoqi, ezguliklarga nisbatan ragʻbatini oshirishga muvaffaq boʻla olamiz.

Zero, koronavirus nafaqat kuchli dard va oʻtkir xastalik, balki el boshiga tushgan ogʻir sinov hamdir. Uni yengish uchun, eng avvalo, maʼnaviy immunitetimizni quvvatlantirishimiz shart. Shundagina bu balo yurtimizdan ham, hayotimizdan ham va hatto qismatimizdan ham batamom ortga chekinadi!

Abdusaid Koʻchimov,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?