Toshkentning ikki tumani bosh soliqchilari oʻzgardi

14:40 06 Sentyabr 2018 Jamiyat
485 0
Arxiv foto

Davlat soliq qoʻmitasining buyrugʻiga asosan Toshkent shahrining Shayxontohur va Sergeli tumanlari davlat soliq inspeksiyalariga boshliq tayinlandi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Faxriddin Umarovich Abdunabiyev Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

F.Abdunabiyev 1972 yilda Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 1994 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1994 yildan Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasida boshlagan. F.Abdunabiyev Chilonzor, Mirobod va Sergeli tumanlari davlat soliq inspeksiyalarida turli masʼul va rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Shu kunga qadar Toshkent shahar Sergeli tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.

Jahongir Muzapparovich Mirpoʻlatov Sergeli tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

J.Mirpoʻlatov 1985 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 2003 yili Toshkent moliya va iqtisodiyot kollejini, 2011 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

J.Mirpoʻlatov mehnat faoliyatini 2003 yilda Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasida boshlab, masʼul va rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Shu kunga qadar Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?