Toshkentlik firibgar yolgʻon xabariga IIBBni ishontirish uchun oʻzini oʻzi jarohatladi

10:13 30 Avgust 2018 Jamiyat
324 0
Illyustrativ foto

27 avgust kuni fuqarolardan biri 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, bosqinchilik oqibatida uning yonida boʻlgan 58 million soʻm puli oʻgʻirlab ketilganligi haqida xabar beradi.

Murojaatga koʻra, Uchtepa tumani Istirohat koʻchasida 25 yoshli U. Javohir shu kuni “Labo” rusumidagi xizmat mashinasida buyurtmachi oldidan katta pul bilan qaytib kelayotgan vaqtida “Matiz” rusumidagi mashina uning yoʻlini toʻsib toʻxtatgan va ichidan ikki nafar nomaʼlum shaxs tushib unga hujum qilgan, pichoq bilan poʻpisa qilib, yonidagi 58 million soʻm pulini olib nomaʼlum tomonga qochib ketishgan.

Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida aslida shu kuni hech qanday bosqinchilik jinoyati sodir etilmaganligi aniqlandi, deb xabar beradi poytaxt IIBB.

Qarindoshiga tegishli xususiy korxonada haydovchi boʻlib ishlovchi Javohir buyurtmachidan olgan 58 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻini shunchaki oʻzlashtirib olmoqchi boʻlgan. Pullarni doʻstining uyiga yashirib qoʻygach, bosqinchilik bilan bogʻliq voqeani ham toʻqib chiqargan. Barchasi haqiqatga yaqin boʻlishi uchun hatto oʻzini-oʻzi jarohatlagan. Ammo uning rejasi amalga oshmadi.

Endi Javohir yolgʻonchiligi uchun qonun oldida javob beradi, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?