Toshkentga kirib-chiqish, «prava», propiska — IIV vakili karantin rejimi bilan bogʻliq dolzarb savollarga javob berdi

12:02 13 Iyul 2020 Jamiyat
507 0

Karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kelib tushayotgan savol va murojaatlarga Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi, Vazirning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Shohruh Gʻiyosov javob berdi.

Savol: Viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari yopiladigan boʻlsa, Toshkent shahrida roʻyxatda turuvchi shaxslar viloyatlardan kelib, poytaxtga kira olishadimi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining 34-son yigʻilish bayonining 2-bandi birinchi xatboshining birinchi kichik bandiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) toʻxtatilgan boʻlib, bunda Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib chiqish bundan mustasno ekanligi belgilangan.

Savol: 6 yoshli nabiram Toshkent shahrida Endokrinologiya markazida qandli diabet kasalligining 1-turi boʻyicha davolanmoqda. Muolajalar tugab uyga javob berilsa, men Fargʻona viloyatidan borib, nabiramni olib kelishim uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining 34-son yigʻilish bayoniga ilova qilingan “Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar roʻyxati”ning 3-bandiga koʻra, fuqarolarga kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam koʻrsatish (homiladorlik, tugʻruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini koʻrsatish, jarrohlik amaliyoti zarur boʻlganda, inson hayotiga xavf tugʻdirayotgan boshqa holatlar) bilan bogʻliq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydi.

Savol: Haydovchilik guvohnomasini olish uchun Buxoro shahrida oʻqidim. Hozirda vaqtinchalik Toshkent shahrida yashayapman. Birinchi imtihon karantin sababli qoldirilgan va iyul oyining oʻrtalariga belgilangan edi. Biroq yana karantin choralari kuchaytirildi.Nima qilsam boʻladi? Qayerda va qanday imtihon topshirishim mumkin?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-sonli qaroriga asosan haydovchilik guvohnomasini olish uchun Siz doimiy yashash joyingizdagi hududiy YHXB Roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmasiga murojaat qilishingiz, nazariy va amaliy imtihon topshirishingiz, imtihondan ijobiy oʻtgan taqdirda haydovchilik guvohnomangizni olishingiz mumkin.

Savol: Propiskam Toshkent shaharda. Lekin, oʻzim shahar chegarasidan 500 metr uzoqlikda – Qibray tumaniga qarashli hududda yashayman. Litsenziya bilan kirib chiqishda muammo boʻlmaydimi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining 34-son yigʻilish bayonining 2-bandi birinchi xatboshining uchinchi kichik bandiga koʻra, avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishi mumkin. Bunda avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish talab etilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?