Toshkentga 300 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati 1 trln. soʻm

10:25 15 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
232 0

2019-yil sentyabr oyidan Toshkent shahrida Belarusda ishlab chiqarilgan, 2020-yil bahorida esa Xitoyda ishlab chiqarilgan elektrobuslarni sinovdan oʻtkazish boshlangan edi. 

Eʼlon qilingan hukumat loyihasida ham bu haqida alohida toʻxtalib oʻtilgan. Unda, jumladan, 2019-2020-yillarda Belarus va Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan katta sigʻimli elektrobuslar «Toshshahartransxizmat» AJ tasarrufidagi shahar yoʻnalishlarida test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtkazilganligi hamda elektrobuslarning yoʻlovchilar uchun qulayligi, shovqinsizligi, atmosferaga zararli moddalar chiqarmasligi va tasarruf sarf-xarajatlarining kamligi qayd etilgan.

Shu bois 2021-2023-yillar mobaynida «Toshshahartransxizmat» AJ tizimidagi korxonalar harakat tarkibini 300 dona katta sigʻimli shahar elektrobuslari va quvvatlash uskunalari bilan yangilash taklif etilyapti.

Yetkazib beruvchi tender yoʻli bilan aniqlanishi koʻzda tutilgan.

Har bir avtobusning narxi 3,2 mlrd. soʻmdan baholangan. Yil davomida 100 ta elektrobus sotib olish uchun 325 mlrd., uch yil davomida 976 mlrd. soʻm sarflanishi koʻzda tutilgan boʻlsa, 300 ta quvvatlash uskunasi uchun 30,5 mlrd. soʻm sarflash rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati esa 1 trln. soʻmni tashkil qiladi.

Moliyalashtirish manbai etib «Oʻzsanoatqurilishbank» ATBning 7 yillik muddatga, bir yillik imtiyozli shartlar bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida, «Oʻzsanoatqurilishbank» ATBning 0,5 foizdan ortiq boʻlmagan marjasi qoʻshilgan holda ajratiladigan kredit mablagʻlari hisoblanishi koʻrsatib oʻtilgan. 

Kredit mablagʻlarini qoplash, foizlar, komissiyalar va jalb qilinayotgan kreditlarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa harajatlarni toʻlash Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?