Toshkentdan Sankt-Peterburgga parvoz qilgan HY631 reysiga nima boʻlgandi?

10:05 04 Mart 2019 Jamiyat
489 0

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining Toshkentdan Sankt-Peterburgga parvoz qilgan Boeing-767 yoʻlovchi samolyoti 2 mart kuni Moskvaning “Pulkovo“ aeroportida qoʻngandan soʻng, old gʻildiraklari uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketgan.

3 mart kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi ushbu voqea yuzasidan matbuot anjumani tashkil qildi.

Unda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Uchuvchilar majmuasi rahbari Denis Solodovnikov jurnalistlarga quyidagilarni maʼlum qildi, deb yozmoqda OʻzA.

– Joriy yilning 2 mart kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga tegishli HY631 reysi bilan Toshkentdan Sankt-Peterburgga parvozni amalga oshirgan Boeing-767 yoʻlovchi samolyoti Moskva vaqti bilan soat 21:59da “Pulkovo“ aeroportida qoʻnishni amalga oshirish chogʻida, uning old gʻildiraklari uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida favqulodda holat yuz bermagani uchun yoʻlovchilarni evakuatsiya qilishga hojat yoʻq edi. Qayd etish joiz, buning natijasida hech kim jabrlanmagan samolyotga zarar yetmagan.

Havo kemasiga toʻxtaladigan boʻlsak, u toʻliq parvozga shay holatda, qulay ob-havo sharoitida mamlakatimiz havo kengliklari uzra parvoz qilgandi. Reys amalga oshirilishi oldi samolyot toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazilgan va ijobiy xulosaga ega.

Samolyot belgilangan manzilga yetib boradi. Bu paytda esa “Pulkovo“ aeroportida tun boʻyi qor yoqqan. Aeroport uchish-qoʻnish yoʻlagi doimiy qordan tozalanib turilgani uchun parvozlarni amalga oshirish uchun hech qanday toʻsiq yoʻq edi. Havo kemasi komandiri barcha vaziyatni inobatga olib, qoʻnish uchun qaror qabul qiladi. Shundan soʻng samolyot belgilangan tartibda qoʻndiriladi. Kema esa toʻliq toʻxtash holatiga oʻtganiga qaramasdan sirgʻalishda davom etadi va old gʻildiraklari yoʻlakdan chiqib ketadi. Bunday vaziyatda fuqarolar jabr koʻrmagan va samolyotga texnik shikast etmagan boʻlsa-da, xavfsizlik nuqtai nazaridan uchuvchi komandirining soʻroviga koʻra, aeroport xodimlari voqea joyiga yetib keladi va bortda boʻlganlarni odatdagi tartibda kutish zali tomon kuzatib qoʻyadi.

Maʼlum boʻlishicha, shu kuni Boeing-767 yoʻlovchi samolyotini Alisher Karimov boshliq uchuvchilar va bort kuzatuvchilari boshqargan. Havo kemasi komandiri “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasida 1988 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Shu kunga qadar uning umumiy parvoz vaqti 15 ming 900 soatni, “Boeing” rusumidagi kemalarda esa 6 ming 400 soatni tashkil qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, uchuvchi uzoq yillik mehnat faoliyatiga va malakali kasb mahoratiga ega.

Matbuot anjumani chogʻida jurnalistlar uchuvchi bilan telefon orqali muloqot qilish va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega boʻldi.

– “Pulkovo“ aeroportiga yetib kelganimizdan soʻng, menga uchish-qoʻnish yoʻlagining holati yuzasidan meʼyoriy maʼlumot berildi, – deydi A.Karimov. – Uchuvchilar ayni shu maʼlumot asosida qoʻnish yoki qoʻnmaslik qarorini qabul qiladi. Taqdim etilgan maʼlumot qoʻnishni amalga oshirish uchun kompaniyamiz siyosati va barcha talablariga javob berardi. Qoʻnish muvaffaqiyatli kechdi. Biroq uchish-qoʻnish maydonini boʻshatish uchun havo kemasi qisqa tezlikda harakatlanishda davom etardi. Shu pallada esa old gʻildiraklar sirpanishni boshladi va harakatlanish hududidan chiqib ketdi. Kema dvigatellari toʻliq toʻxtagan boʻlsa-da, bunday paytda bort kuzatuvchilari brigadasi komandirini va aeroport xodimlarini vaziyat haqida xabardor qilishim zarur edi va shunday yoʻl tutdim.

Havo kemasi bortida 241 nafar yoʻlovchi (shundan 5 nafarini yosh bolalar tashkil qiladi) va 15 nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan. Yoʻlovchilar bunday vaziyatdagi holati haqida Bort kuzatuvchilari brigadasi komandiri Yuliya Juravleva shunday deydi:

– Havo kemasi ovoz uzatish moslamalari orqali vaziyat haqida menga xabar berdi. Shundan soʻng jamoamiz yoʻlovchilar xavfsizligini koʻzdan kechirdik va joylarida qolishlarini soʻradik. Havo kemasi shikastlanmagan va yongʻin chiqmagani bois favqulodda holat eʼlon qilishga zarurat yoʻq edi. Shu bois fuqarolarni kemani tark etishlari ham odatdagi tartibda kechdi. Fuqarolar bilan suhbat chogʻida ular hech qanday noqulaylik sezishmagani aytishdi.

Qayd etish joiz, milliy aviakompaniyada 1995 yildan buyon mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan Yu.Juravleva barcha turdagi (Hatto yangi avlod samolyoti – “Boeing 787 Dreamliner” uchun ham) parvozlar boʻyicha universal bort kuzatuvchisi hisoblanadi.

Zafar Saidazimov “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdagi rasmiy vakili hisoblanadi. Ushbu reys bilan parvozni amalga oshirgan fuqarolarning holati va voqea tafsilotlari haqida telefon orqali suhbatda quyidagilar oydinlashdi.

– Aviakompaniyamiz oʻz xizmatlarini taqdim etish chogʻida zarurat tugʻilganda qayta bogʻlanish uchun mijozlardan telefon raqamlarini koʻrsatishlarini soʻrashadi. HY631 reysi yakuni boʻyicha hech kim jabr koʻrmagan boʻlsa-da, mijozlarimizning voqeadan keyingi holatini bilish, zarurat yuzaga kelganda yordam berish maqsadida ular bilan bogʻlanishga harakat qildik. Ammo ularning aksariyati mamlakatimiz hududidagina aloqa qilish imkonini beradigan raqamlar boʻlib chiqdi. Sanoqli fuqarolar Rossiya hududida aloqa qilish imkonini beradigan raqamlarini taqdim etishgan. Ular bilan bogʻlandik va parvoz haqidagi ijobiy xulosalarini oldik.

Ayni paytda “Pulkovo“ aeroportidagi voqea yuzasidan Rossiya Federatsiyasi tergov qoʻmitasi va Rosaviatsiya tergov olib bormoqda. Komissiya havo kemasi holati boʻyicha ijobiy xulosasi kutilmoqda. Shundan soʻng Boeing-767 yoʻlovchi samolyotini parvozga qayta shaylashimiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?