Toshkentdan Issiq-koʻlga mavsumiy poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

12:37 17 May 2019 Jamiyat
623 0

Joriy yilning 6 iyunidan boshlab Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasida sayyohlikni rivojlantirish maqsadida mavsumiy Toshkent-Bishkek-Baliqchi (Issiq-koʻl) yoʻnalishida xalqaro yoʻlovchi poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari AJ” Axborot-tahliliy media markazi “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Poyezd haftaning har payshanba kuni Toshkent-Markaziy vokzalidan kechki soat 20:50 da yoʻlga chiqib, Qozogʻiston hududi orqali harakatlanadi va juma kuni kechki 20:29da Baliqchi vokzalida boʻladi. Issiq-koʻldan shanba kuni soat 01:59da harakatlangan poyezd Toshkent shahriga yakshanba kuni soat 05:00 da yetib keladi.

Xalqaro qatnov Oʻzbekistonning Salar, Chuqursoy, Keles, Qozogʻistonning Sariagʻach, Aris -1, Chimkent, Mankent, Tyulkubas, Abail, Burnoye, Jambul, Lugovaya hamda Qirgʻizistonning Merke, Chalvador, Qaindi, Qorabolta, Belovodsk, “Toʻqmoq” stansiyalari, Bishkek–2 va Baliqchi vokzali orqali amalga oshiriladi.

Toshkent-Bishkek-Baliqchi (Issiq-koʻl) yoʻnalishida xalqaro yoʻlovchi poyezdida yoʻlovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Vagonlar shinam va yorugʻ, sovutish tizimlari bilan jihozlangan. Restoran vagonda sayyohlar va yoʻlovchilar uchun salqin ichimliklar va tansiq taomlar tayyorlanadi.

Toshkent-Bishkek-Baliqchi yoʻnalishidagi poyezd qatnovi Oʻzbekiston fuqarolarining Issiqkoʻl hududida joylashgan dam olish maskanlarida hordiq chiqarishiga hamda Qirgʻiziston fuqarolarining yurtimizga kelishlariga bir qator qulayliklar yaratishi koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?