Toshkentdagi MDS-Service klinikasi auksionga qoʻyildi

18:21 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
263 0

Oʻzbekistondagi ilk xususiy tez yordam podstansiyalaridan biri boʻlgan MDS-Service klinikasi ustav jamgʻarmasining 100 foizi kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Bu haqda E-ijro Auksion maʼlum qildi.

Lot sifatida kiritilgan nizom jamgʻarmasining 62,2 foizi NNB Investments, 37,8 foizi esa Solid Investment and Securities kompaniyasiga tegishli. Har ikki kompaniya ham xorij kapitali ishtirokida tuzilgan.

Ushbu taklif investitsiyalar, aktivlar, avtomobillar(10 dona), tibbiyot uskunalari, mebellar va boshqalar, xullas, barcha mol-mulkni oʻz ichiga oladi.

Klinikaning umumiy yer maydoni – 5,5 gektar. Binoning umumiy maydoni – 3,7 ming kvadrat metr.

Lot jinoyat ishlari boʻyicha sud qarori bilan qoʻyilgan boʻlib, ijro hujjati sanasi 8 sentyabr etib koʻrsatilgan.

Boshlangʻich narx 32,7 mlrd soʻmdan ziyod boʻlib, bu E-ijro Auksion maydoni tarixidagi eng qimmat lotlardan biridir. Zakalat puli miqdori 1,6 mlrd. soʻm etib belgilangan.

Auksion 28 sentyabr kuni boʻlib oʻtadi va arizalar 26 sentyabrga qadar qabul qilinadi.

Maʼlumot uchun, MDS-Service 1996 yildan oʻz faoliyatini boshlagan Oʻzbekistondagi birinchi xususiy tez yordam podstansiyalaridan biri boʻlgan. Mazkur kompaniya oʻzining xususiy poliklinikasi, tashxis markazi va statsionariga ega.

Eslatib oʻtamiz, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi(YAESM)da auksionlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish uchun tashkil etiladi va faqatgina elektron onlayn-auksionlar shaklida oʻtkaziladi.

“E-IJRO AUKSION” YAESM fuqarolar uchun elektron onlayn-auksionlarda keng ishtirok etish hamda koʻchmas mol-mulk, avtotransport vositalari va boshqa mol-mulkni adolatli va shaffof savdolarda sotib olish imkoniyatini taʼminlash uchun moʻljallangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?