Toshkentdagi “eng tekis” yoʻl qayerda?

17:10 29 Oktyabr 2018 Jamiyat
842 0

Bunday joylar koʻp deya javob beradiganlar bisyor. Ulardan biri esa quyidagi joyni borib koʻrishni “tavsiya” qildi.

Toshkent shahridagi “Doʻstlik”(sobiq “Chkalov”) metro bekatidan “Aviasozlar dehqon bozori” (xalq tilida “Kadishev”) bozori tomon mashinada bir borib koʻring. “Eng tekis” yoʻlga duch kelasiz”, - dedi u.

Bordik, koʻrdik, ishonch hosil qildik.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Avtomobilda “Mashinasozlar” metro bekati yonidan oʻtib borar ekanmiz, yoʻlning kengligi va ravonligidan bahri-dilimiz ochildi. Haqiqiy shosse. Soʻngra “Doʻstlik” metro bekatiga yetib keldik. Hammasi shundan soʻng boshlandi. Yoʻl tobora torayib borardi. Qarama-qarshi yoʻnalishning har biriga bir polosadan yoʻl berilgan. Oʻng chekkadagi olib tashlangan tramvay liniyasi hisobiga kengaytirilishi kerak boʻlgan joy hali epaqaga keltirilmagan. Bu esa avtomobil qatnoviga qoʻshimcha noqulaylik tugʻdiryapti. Shu tor yoʻldan avtomobillar tushlik arafasida shunchalik “siqilib oʻtyaptiki”, endi ertalabki va kechki tigʻiz(pik) paytlardagi ahvolni tasavvur qilavering. Bunday paytda “siqilish”dan badtar boʻlishi aniq. Bu hali holva.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

“Doʻstlik” metro bekatidan oʻtib, mahalliy aholi “Maxmur koʻcha” deydigan ushbu hududdan oʻtib boramiz. “T” shaklidagi chorrahaga (oʻngga burilsa, “Kadishev” bozori, chapga burilsa Muxtor Ashrafiy koʻchasi boʻylab “Risoviy” bozoriga borsa boʻladi) yetib bormasimizdan, yoʻlning haqiqiy ahvoli namoyon boʻldi. Asfaltligi qolmagan asfalt yoʻlning “yuzi”dagi “yara-chaqalar”, chuqur-chuqur “chandiqlar”ni koʻrib, unga rahmimiz keldi. Bechoraning ustidan texnika emas, dinozavrlar bosib ketgan deysiz. Jala emas, tosh yoqqan deysiz. Lekin dinozavrlar qirilib ketganiga millionlab yillar boʻldi, tosh esa hech qachon yogʻmagan.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Bunday joydan oʻtgan mashina tugul, uning salonida oʻtirganlarning ham ichi toʻkilib ketadi. Endi har kuni aynan shu yoʻl orqali ishga, oʻqishga qatnaydigan haydovchiyu yoʻlovchilarning asab tolalariyu organizmlarini, avtoulovlarning mexanizmlarini bir xayolingizga keltiring. Ularning holiga maymunlar emas, haligi dinozavrlar ham yigʻlab yuborsa ajab emas. Har sakraganda, buyraklariga qoʻshilib uning ichidagi toshlari(agar boʻlsa) ham uzilib tushsa kerak.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Xoʻsh, bunday achinarli holat yuzaga kelganiga qancha boʻldi? Nega shahar, tuman hokimligi, masʼul tashkilot va idoralarning mutasaddilari jim? Buning oqibatlariga kimlar javob beradi?

— Shu mahallada yashayman, - deydi oʻzini Fayzulla Bekmurodov deb tanishtirgan hamyurtimiz. — Bu yerda besh-olti yildan beri shunday ayanchli holat. Yomgʻir-qor yogʻib shu ahvolga tushib qoldi. Ertalablari, kechki paytlari juda tirband boʻladi. Yoʻl azbaroyi ilma-teshik boʻlib ketganidan, hatto mashinalarning “nomerlari” ham tushib qolgan, haydovchilar esa qaytib kelib ularni qidirib yurgan paytlar ham koʻp uchrab turadi. Kechalari simyogʻochlardagi yoʻlni yoritish moslamalari ishlamay qolsa, ana koʻrasiz tomoshani. Chorrahaga yetmasdan, avtobus bekati bor. Uni bekat deb ham boʻlmaydi. Na bir butkasi bor, na bekat degan nomi. Yana u aynan ana shu uydim-chuydim oldida joylashgan. Avtobuslar, marshrutkalar toʻxtashi uchun juda noqulay. Hech bir mutasaddi kelib, shu muammolar bilan tanishib, hal qilamiz degan gapni eshitmadik.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

— “Maxmur” koʻchasida turamiz, — deydi uzoq yillik ish stajiga ega boʻlgan haydovchi Abdukarim Bobojonov. — Mana ikki yildan koʻp vaqt oʻtdi hamki, yoʻlimiz chatoq. Taʼmirlaymiz deyishadiyu lekin hech taʼmirlashmaydi. Hali unisi keladi qilamiz deb, hali bunisi keladi, ishdan esa darak yoʻq. Boshqa joylarni koʻrib toʻgʻrisi havasimiz keladi. Bizdagi ahvolga esa guvoh boʻlib turibsiz. Mashinada ham piyodalarga oʻxshab sakrab-sakrab yuramiz, hamma joy chuqurlik. Yogʻingarchilik paytida loyqa, balchiq atrofga sachrasa, yozda hammayoqni chang-toʻzon qoplaydi. Avtobuslar, marshrutkalar, yuk mashinalariga ayniqsa qiyin. Shu joylardan inqillab-sinqillab, qiynalib oʻtadi. Bir qarasangiz, haydovchilar bir-birini soʻkkan, bir qarasangiz signal-bazm, gʻildiraklar yorilgan. Quloqlarimiz ham, koʻzlarimiz ham oʻrganib ketgan bularga. Xullas, “Doʻstlik”dan to shu yergacha shu ahvol. Qachon bunday noxushliklardan qutular ekanmiz, bilmayman.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

— Bugun yangi koʻprik va yangi metro qurilayotgani uchun koʻpchilik shu yoʻldan oʻtishga majbur boʻlmoqda, — deydi keksa yoʻlovchi Iskandar Haydarov. — Ustiga ustak, chapga burilganda, shlagbaum bor. Poyezd kelib qolishi bor, boshqa bor. Oʻgʻlim nevaramni bogʻchaga olib boradi. Shu yoʻldan oʻtadi. Shu paytda yurak hovuchlab oʻtiraman. Ehtiyot boʻlib oʻtsin-da, boshqa mashina bilan turtinib ketmasin-da, hech kim bilan urishib ketmasin-da deb xavotir olaman. Ertalablari yoʻldagi chuqurliklar yetmaganidek, haydovchilar ham bir-biriga yoʻl beray demaydi. Piyodalar oʻtish joyida piyodalarni umuman oʻtkazishmaydi. Hamma qayoqqadir shoshgan. Bunday yoʻlda shoshib boʻladimi? Shuning uchun katta nevaramni maktabga oʻzim olib boraman. Yoshi kattalar yoʻldan zoʻrgʻa oʻtayotganda, yosh bolalar qanday oʻtsin?! Maktabdan chiqadigan paytda borib olib kelaman. Lekin hamma oʻquvchilarni ham maktabga olib borib, olib kelishmaydi. Koʻpchiligi oʻzlari borib keladi. Yoʻldagi mana shu nuqsonlar hal boʻlsa, tekislansa, ana u yirtiqlarga yamoqlar qoʻyilsa, kerakli yoʻl belgilari qoʻyilsa, haydovchilar ham, piyodalar ham yoʻl qoidalariga rioya qiladi. Ota-onalar ham farzandlarining maktabga borib kelishidan koʻngli xotirjam boʻladi. Shahrimizdagi boshqa ravon yoʻllar singari bu yoʻl ham tez orada risoladagidek boʻlib qolishidan umidvormiz.

— Mana, koʻrib turibsiz, avtobusimiz bus-butun, soppa-sogʻ, - deydi yoʻnalishli avtobus haydovchilaridan biri Gʻulomjon aka hazillashib. — Ertalab va kechki payt salon yoʻlovchilar bilan liq toʻladi. Shunday paytda mana bu uydim-chuqurlardan chumoli yurish qilib oʻtamiz. Shundayam ichkari yer qimirlagandek silkinib-silkinib tushadi. Yoʻnalishimizning eng ogʻriqli nuqtasi shu desam adashmayman. Deyarli boshqa barcha yoʻllardan yaxshi boʻlgani uchun koʻnglimiz xotirjam oʻtadi. Shu joyga kelganda esa, xafsalamiz pir boʻlgani-boʻlgan. Yoʻlovchilar-ku koʻnikib ketgan, lekin shu joyga kelganda avtobusimizga ichim achiydi. Kim bilsin, balki u ham koʻnikib ketgandir.

— Qirq yildan beri mashina haydayman, — deydi yana bir haydovchi Alisher Teshaboyev. — Shukr, yurtimizning koʻp joylarida boʻlgani kabi Toshkentda ham koʻp qurilishlar boʻlmoqda. Yoʻllarimiz oldingi davrlarga nisbatan ancha tekis, ravonlashib qoldi. Toʻgʻri, muammolar yoʻq emas. Ularga ham asta-sekin yechim topsa boʻladi. Lekin mana shu joyni zudlik bilan toʻgʻrilamasa, boʻlmaydi. Biz-ku mayli, agar biror chet ellik turist shu joydan oʻtib qolsa bormi, yoʻldagi ana shu teshiklardan har silkinib oʻtganida, olgan hamma yaxshi taassurotlari ham toʻkilib ketishi aniq.

Onlayn nashrimiz Toshkentdagi “eng tekis” yoʻllar haqidagi reportajlarini davom ettiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?