Toshkentdagi “El-Klassiko” namoyishida ispan futbolchisi Luis Garsia muxlislarga sovgʻalar ulashadi

14:32 24 Oktyabr 2018 Sport
1161 0

Ispaniyaning “Barselona”, “Atletiko” va Angliyaning “Liverpul” futbol klublari hamda Ispaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Luis Garsia Toshkentda yosh oʻzbek charm toʻp ustalari uchun mahorat darslari oʻtkazadi.

Maʼlumki, 28 oktyabr kuni Ispaniya La-Ligasi doirasida barcha muxlislar orziqib kutayotgan bahs — mavsumdagi birinchi “El-Klassiko”si boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston PFL va La-Liga oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, “Barselona” va “Real Madrid” oʻrtasidagi mazkur uchrashuv ommaviy tarzda ham namoyish etiladi. Ushbu oʻyin Toshkentdagi “Milliy” stadionida tomoshabinlarga havola etiladi.

UzDailyning yozishicha, mazkur tadbir doirasida ispan futboli muxlislarini turli sovgʻalar kutmoqda. Dastur avvalida oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirokida konsert oʻtkaziladi. Shundan soʻng sanʼat yulduzlari oʻzbek futbolining yaqin oʻtmishdagi yulduzlariga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, Luis Garsia yosh futbolchilar uchun mahorat darsi oʻtkazadi. Va La-Liga elchisi Luis Garsia hamda PFL elchisi xonanda Shahzoda (Zilola Musayeva) ikki mamlakat futbol ligalari nomidan muxlislarga sovgʻalar ulashadi.

Tadbir soʻngida stadionga oʻrnatilgan katta ekranda “Barselona” – “Real Madrid” oʻyini namoyish etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?