Toshkentdagi avtobus saroylaridan biri Singapurning yetakchi kompaniyasiga berilishi mumkin

18:18 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
246 0
Arxiv foto

Toshkentdagi avtobus saroylaridan biri Singapurning yetakchi kompaniyasiga berilishi mumkin. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati va OAV vakillari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida toʻxtalib oʻtildi.

Kompaniya xabariga koʻra, ayni paytda Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan oʻtkazilayotgan muzokaralarda avtobus saroylaridan birining boshqaruvini ularga berish masalasi har taraflama oʻrganilmoqda. Bundan tashqari, avtosaroylarda “MAN” rusumli avtobuslar sonining ortib borayotganini hisobga olib, 5-avtobus saroyi qoshida “MAN” servis markazini qurish boʻyicha ishlar boshlanmoqda.

Avtokorxonalarga yana “LЕ-60”, “ISUZU”, “MAN” rusumli, jami 770 ta yangi avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ular konditsioner va pandus (nogironligi boʻlgan kishilarning chiqib-tushishlari uchun moʻljallangan yoʻlaklar) bilan jihozlanadi.

Tadbirda xizmat sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng qamrovli saʼy-harakatlarga qaramasdan koʻrsatilayotgan xizmatlardan norozi boʻlib, jamiyatning ishonch telefoni orqali murojaat qilayotganlar hamon uchrayotgani, ularning asosiy qismi haydovchi va chiptachilarning qoʻpol muomalasi, yoʻlovchilarga chipta bermaslik, qatnovlar doimiyligi va oraliq intervallarini buzish, bekatlarda toʻxtamaslik yoki uzoq turib qolish, yoʻnalishni oʻzgartirish kabi masalalari ekanligi qayd etildi. Aniqlangan holatlar boʻyicha aybdorlarga nisbatan intizomiy choralar va moddiy jarimalar qoʻllanilgan. Ayni chogʻda joriy yil boshidan uzoqdan nazorat qiluvchi GPS hamda A-21 tizimi qayta yoʻlga qoʻyildi. Bu haydovchi va nazoratchi oʻrtasidagi aloqa boʻlib, yoʻnalashlarda sodir etildigan qoidabuzarliklarni onlayn tarzda aniqlab, bartaraf etish imkonini bermoqda.

Shular qatorida BMT Taraqqiyot dasturi doirasida mamlakatimizga elektrobuslarni keltirish yuzasidan loyihaga qoʻl urildi.

Bekatlarga elektron tablo va Wi-Fi oʻrnatish boʻyicha jadal ishlar ketayapti. Bunga qoʻshimcha ravishda avtobuslarga kuzatuv kameralarni oʻrnatish, 2030 yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan jamoat tranportini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash, avtobus saroylarida davlat xususiy sheriklik asosida gaz quyish shahobchalarini (AGNKS) qurish ham rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?