Toshkentda Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi uchun oʻtkazilayotgan musobaqalar boshlandi

17:45 27 Dekabr 2018 Sport
362 0

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan aholining dam olish kunlari va yoshlarning taʼtil paytidagi vaqtlarini mazmunli oʻtkazish hamda xalqimizga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida joriy yilning 25 dekabridan 10 yanvar kuniga qadar Toshkent shahri mahallalari va taʼlim muassasalari jamoalari oʻrtasida “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” uchun sportning basketbol, badminton, voleybol, stol tennisi va mini-futbol turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun poytaxtimizdagi “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida ushbu musobaqalar tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Musobaqaning dastlabki bosqichlarida 18 mingdan ortiq erkaklar va ayollar basketbol, badminton, voleybol, stol tennisi va mini-futbol boʻyicha gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda. 

Musobaqa nizomiga koʻra, 25-30 dekabr kunlari taʼlim muassasalari va mahallalar bosqichi oʻtishi, 2019 yilning 2-5 yanvar kunlari tuman bosqichi va 6-10 yanvar kunlari Toshkent shahar bosqichi oʻtkazilishi belgilangan.

Shahar bosqichidagi bahslar poytaxtimizning Uchtepa, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida boʻlib oʻtadi. Musobaqa gʻolib va sovrindorlari esa 2019 yil 10 yanvar kuni Olmazor tumanidagi 2-Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida taqdirlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?