Toshkentda Janubiy Koreyaning nufuzli universitetining filiali ochiladi

16:29 20 Iyul 2018 Jamiyat
317 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida turli sohalar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bilan bog‘liq qator shartnomalar imzolangan edi.

Ushbu kelishuvlar doirasida Janubiy Koreyaning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari filial va klinikalarini yurtimizda tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimlari ham tuzilgan. Shu munosabat bilan kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov mamlakatimizda tashrif buyurgan Janubiy Koreyaning Aju universiteti prorektori Lim Jeyk bilan uchrashdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq so‘zi online”ga ma’lum qilinishicha, muloqotda Aju universitetining yurtimizda filiali va klinikasini tashkil etish, uni samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, kadrlar ta’minoti bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tamiz, 1973 yilda tashkil etilgan Aju universiteti nafaqat Janubiy Koreyada, balki jahonda ham nufuzli oliy o‘quv yurtlardan biri hisoblanadi. Yiliga 750 nafarga yaqin xorijiy talabalar ham tahsil oladigan ushbu oliy o‘quv muassasasi dunyoning 58 mamlakatining 200 dan ortiq taniqli universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda bu yerdagi mavjud sakkizta fakultetda — tibbiyot, texnika, axborot texnologiyalari, yuridik, tabiiy va gumanitar fanlar hamda biznes yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?