Toshkentda yana bir xorijiy universitetning filiali tashkil etildi

20:22 12 Fevral 2019 Jamiyat
962 0

Arxiv foto

“Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti)” Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi https://t.me/huquqiyaxborot rasmiy kanalida xabar berildi.

Filialda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi:

biznes-informatika (bakalavr);

ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilish va prognozlashtirish (magistr);

xalqaro xususiy, fuqarolik huquqi va arbitraj (magistr);

xalqaro savdo va moliya huquqi (magistr);

xalqaro tashkilotlar uchun sinxron tarjimonlar tayyorlash va madaniyatlararo kommunikatsiya (magistr).

Filial Oʻzbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq bosh muassasaning alohida tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.

Oʻquv jarayoni bakalavriat dasturlari boʻyicha toʻrt yillik hamda magistratura dasturlari boʻyicha ikki yillik taʼlimni koʻzda tutgan boʻlib, asosan, kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Bitiruvchilariga Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialda taʼlim Rossiya Federatsiyasi federal taʼlim standartlariga muvofiq bosh muassasa tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv-reja va taʼlim dasturlari asosida rus hamda ingliz tillarida olib boriladi.

Barcha darajadagi taʼlim dasturlarida rus va ingliz tillaridan tashqari qoʻshimcha chet tilini oʻqitish ham koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?