Toshkentda to‘rtinchi sektor rahbari kam ta’minlangan oilaning ikki farzandini ko‘zini operatsiya qilinishini zimmasiga oldi

17:41 14 Iyun 2018 Jamiyat
442 0

Mamlakatimizning barcha hududlarida aholining turmush darajasini yanada yaxshilashga, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, sektorlar faoliyatida mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mavjud muammolarga chek qo‘yish, aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish masalalari eng asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.

To‘rtinchi sektor rahbari – Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov va mutasaddilar sektor hududidagi xar bir xonadonga uyma-uy yurib, aholining muammolari o‘rganildi. Muborak ramazon kunlari kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar xolidan xabar olindi.

Xususan, Chilonzor tumani Do‘mbrobod mahalla fuqarolar yig‘ini Serquyosh ko‘chasida yashovchi Munojat Fayzullayeva 2 nafar o‘g‘li borligi va ularning ikkalasining ham ko‘zlari zaif ko‘rishi va jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ yetarli emasligini ma’lum qildi.

Sektor rahbarining sa’y-harakatlari bilan Munojat Fayzullayevaning ikkala farzandi ham “Nurmed” klinikasida operatsiya qilinadigan bo‘ldi. Hozirda ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib operatsiyaga tayyorlanmoqda.

Uyma-uy yurib, o‘rganish jarayonida Chilonzor tumani O‘smur 1-tor ko‘chasi 11/1-uyda yashovchi Feruza Hamraliyeva yashab turgan uyi devorlari nurab, achinarli ahvolga kelib qolganligi, xonadon egasi kam ta’minlangan oila bo‘lganligi sababli ta’mirlash ishlarini bajara olmayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Mutasaddilarning ko‘magi bilan qurilish ishlari boshlanib, hovli va uning atrofi obodonlashtirildi. Shuningdek, Feruza Hamraliyevaga tikuvchilik mashinasi ajratilib, uyida kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi.

Chilonzor tumanida joylashgan “Toshkent transport kasb-hunar kolleji”da o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ham bevosita hududlarni kompleks rivojlantirish, obodonlashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush darajasini yanada oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarlikni oldini olish va bu borada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishga qaratildi.

Muloqot davomida fuqarolar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit olish, issiq suv va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq masalalar o‘rtaga tashlandi.

Ko‘tarilgan muammolarning aksariyati joyida hal qilinib, ayrimlarini batafsil o‘rganib chiqib, yechimi yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 5 ta oilalarga tikuv mashinasi hamda 4 ta oilaga mikroto‘lqinli pech taqdim qilindi.

Aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan bunday amaliy ishlar yurtdoshlarimizda chinakam ma’noda mamnuniyat va minnatdorlik hissini uyg‘otmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?