Toshkentda “Tarixiy shaxsiyatlar” jurnalining Oʻzbekistonga bagʻishlangan soni taqdimoti boʻlib oʻtdi

19:22 12 Mart 2020 Madaniyat
181 0

O'zA

Oʻzbekiston va Ozarbayjon aloqalari turkiy tilli davlatlar ichida alohida ahamiyatga ega. Ikki xalqning qardoshlik rishtalari kundan kun yuksalib borayotganining yuksak namunasi sifatida 2019-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakatda “Yil odami” deb eʼlon qilingani misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Poytaxtimizda Ozarbayjonda chop etiladigan “Tarixiy shaxsiyatlar” nomli jurnalning Oʻzbekistonga bagʻishlangan soni taqdimotida bu haqda batafsil soʻz yuritildi.

Tadbirda bir qator vazirlik hamda davlat idoralari vakillari, jurnal ijodkorlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Bakuda nashr etiladigan “Tarixiy shaxsiyatlar” xalqaro ijtimoiy-siyosiy jurnali ozar va rus tillarida chop etilib, uning 2019-yil soʻngida nashr etilgan sonida Oʻzbekistonning tarixi, siyosiy-iqtisodiy, madaniy olami keng yoritilgan.

“Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnalining Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamda Elchixona huzuridagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniy markazi koʻmagida chop etilgan rus tilidagi maxsus sonida, jumladan, shunday soʻzlar keltirilgan:

“Tarixiy anʼanalarni tiklash yoʻlidagi sermahsul faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasining siyosiy va iqtisodiy nufuzini jahon miqyosida oshirishdagi mislsiz saʼy-harakatlari, shuningdek Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Ozarbayjonning “Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnali Tahrir hayʼati aʼzolarining yakdil qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda “Yil odami” deb eʼtirof etildi”.

Taqdimot davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yil odami” deb qayd etilgan diplom Oʻzbekiston tomoniga tantanali tarzda topshirildi.
 

Foto: O'zA

— Jurnalimiz har yili Ozarbayjonda “Yil odami” deb topilgan siyosiy arboblarni eʼtirof etadi va oʻz sonini ushbu mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga bagʻishlaydi, — deydi jurnal bosh muharriri Xelil Qarahmedov. — Shu anʼanaga muvofiq, oʻtgan yil dekabr oyidagi sonimiz Oʻzbekistonga bagʻishlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi, mamlakatingizning Turk tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlishi Ozarbayjon — Oʻzbekiston munosabatlarida yangi sahifalarni ochdi.

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?