Toshkentda SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yigʻilishi oʻtkaziladi. SHHT Bosh kotibi bilan intervyu

09:51 24 Oktyabr 2019 Siyosat
211 0

Eksklyuziv intervyu

Tashkilot mamlakatlari iqtisodiy aloqalar uchun istiqboldagi va barqaror sharoitlarni taʼminlamoqchi.

Joriy yilning 1-2-noyabr kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari (bosh vazirlar) kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Ayni paytda xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turgan “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari muxbirlari ana shu muhim tadbir oldidan SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov bilan suhbatlashdi.

— Vladimir Imamovich, yaqin kunlarda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiy va madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi eng asosiy voqealaridan biri — SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yillik yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbirga tayyorgarlik jarayonlari haqida soʻzlab bersangiz.

— Darhaqiqat, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yigʻilishi tashkilotimiz uchun SHHT Sammitidan keyingi eng muhim tadbirdir. Oʻzbekistonlik hamkasblar taklifi bilan tomonlar uning navbatdagi 18-yigʻilishini 2019-yil 1-2-noyabr kunlari Toshkentda oʻtkazishga kelishib olishdi.

Oʻzbekiston poytaxtiga SHHTning barcha mamlakatlari bosh vazirlari kelishi kutilyapti. Anjumanga, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi davlatlari — Afgʻoniston, Belarus, Moʻgʻuliston va Eron hukumatlari rahbarlari, qolaversa, qator hamkor xalqaro tashkilotlar, SHHTning Banklararo birlashmasi va Ishbilarmonlik kengashi rahbarlari taklif etilgan.

SHHT Kotibiyatining faol koʻmagi va muvofiqlashtirishi ostida tashkilot davlatlari milliy koordinatorlari kengashi yoʻnalishida kompleks hamda aniq maqsadga qaratilgan tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.

SHHT davlatlari tegishli vazirliklari va idoralari rahbarlari uchrashuvlari hamda majlislari, xususan, temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashuvi (2019-yil 19-sentyabr, Nur-Sulton), tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga masʼul vazirlar majlisi (2019-yil 26-sentyabr, Toshkent) hamda atrof-muhit muhofazasiga javobgar vazirlik va idoralar rahbarlari majlisi (2019-yil 27-sentyabr, Moskva) Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishini muvaffaqiyatli tashkil etishning yana bir asosi boʻlib xizmat qilishi kerak.

Vazirlar majlislarining konstruktiv olib borgan ishlari hamda ekspertlar uchrashuvlari tufayli Toshkentda boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida Hukumat rahbarlari koʻrib chiqishi hamda imzolashi uchun hujjatlarning salmoqli paketi tayyorlandi.

— Odatda, Hukumat rahbarlari kengashi tashkilot doirasida iqtisodiy va gumanitar oʻzaro aloqalarni rivojlantirish vazifalarini muhokama qiladi. Kengashning bu galgi yigʻilishi kun tartibiga qanday masalalar kiritilgan?

— Tadbir kun tartibining dastlabki loyihasiga muvofiq, Toshkentda Hukumat rahbarlariga SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari hamda chora-tadbirlarini muhokama qilish, dunyo va mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyotning keng koʻlamdagi masalalari boʻyicha fikr almashish taklif etiladi.

Bosh vazirlar Jahon savdo tashkiloti qoidalariga asoslangan holda ochiq iqtisodiyotni shakllantirish va koʻp tomonlama savdo tizimlarini mustahkamlash boʻyicha vazifalarni hal etish maqsadida oʻzaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish yoʻllarini koʻrib chiqishi kutilyapti.

Mintaqaviy hamkorlik chuqurlashuvini inobatga olgan holda Hukumat rahbarlari investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yoʻli bilan oʻzaro sarmoyalarni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratishadi.

Maʼlumki, mintaqa xalqlari farovonligini yuksaltirish SHHTning birinchi darajali vazifalaridandir. Hukumat rahbarlari shunga asoslangan holda 2030-yilgacha Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish, transport, energetika, sanoat, moliya, qishloq xoʻjaligi, bojxona, telekommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha fikr almashishadi.

Yevroosiyoda keng, ochiq va oʻzaro manfaatli sheriklikni shakllantirish yoʻlida bosh vazirlar tashkilotga aʼzo davlatlar va SHHT “oilasi”ning boshqa mamlakatlari, shuningdek, xalqaro tuzilmalar salohiyatidan foydalanish masalasini ham muhokama qiladilar. Bundan koʻzlangan maqsad mintaqada barqaror taraqqiyotga erishishdir.

Binobarin, SHHT unga Hindiston va Pokiston kirganidan soʻng yangi sifat hamda surʼatga ega boʻldi, dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtiruvchi va Yevroosiyo materigining qariyb 60 foizini qamrab olgan transkontinental tashkilotga aylandi. Tashkilot barcha mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti oʻtgan yilda 18,4 trln. AQSH dollarini tashkil etdi. Bu butun jahon koʻrsatkichining 22,5 foizidir.

Shu maʼnoda, SHHT yaqin istiqbolda global savdo-iqtisodiy va moliyaviy tizimlar ravnaqi yoʻnalishlarini belgilab beruvchi dunyo iqtisodiy markazlaridan biriga aylanish boʻyicha real imkoniyatlarga egadir.

— Qoidaga koʻra, tadbir yakuni boʻyicha qabul qilinadigan hujjatlar aʼzo davlatlar oʻzaro kooperatsiya borasida qay darajada chuqur borganidan darak beradi. Shunday ekan, SHHT Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentdagi yigʻilishida imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Har yili qabul qilinadigan Qoʻshma kommyunike, SHHTga aʼzo davlatlarning koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorligi dasturini amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, oʻtgan yilgi moliyaviy hisobot va tashkilotning kelgusi yil byudjetidan tashqari qator katta ahamiyatga ega hujjatlar muhokamadan oʻtkazilib, imzolanadi.

Kengash yigʻilishida tasdiqlanadigan muhim loyihalardan biri 2035-yilgacha koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturining yangi tahriridir. Ushbu hujjat, avvalo, oʻzaro savdoni yanada koʻpaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, SHHT mamlakatlari aholisi hayoti darajasini oshirish maqsadida kompleks va muvozanatlashgan iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirishga qaratilgan. Oʻtgan galgi dastur 2003-yilda qabul qilingan va 2030-yilda uning amal qilish muddati yakuniga yetadi.

Yangi dasturga asosan, SHHTga aʼzo davlatlar yaqin kelajakda, yaʼni 2025-yilgacha innovatsion va “yashil” texnologiyalarni qoʻllagan holda istiqbolli dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga kirishadi.

Oʻrta istiqbolda, yaʼni 2030-yilgacha SHHT doirasida savdo va investitsiya, xizmatlar va elektron savdoni ilgari surish, shuningdek, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish sohalarida qoidalarni ishlab chiqish yoʻli bilan milliy iqtisodiyotlarni oʻzgartirishni taʼminlash rejalashtirilgan.

Uzoq muddatli istiqbol, yaʼni 2035-yilgacha SHHT mamlakatlariga milliy iqtisodiyotlarining global raqobatbardoshligini oshirish va raqamli oʻzgarishini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Bu raqamli texnologiyalarni joriy etish,tovarlar, kapital, xizmat va texnologiyalarning erkin harakatlanishini izchil roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Mazkur vazifa SHHT Xartiyasida ham oʻz ifodasini topgan.

Dasturda savdo va investitsiya, bank va moliya, transport va logistika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, bojxona, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, hududiy rivojlanish, mintaqalararo aloqalar, turizm, ekologiya, taʼlim va boshqa jabhalar ustuvor yoʻnalishlar sifatida tanlab olingan.

Tasdiqlanadigan SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻzaro aloqalari konsepsiyasi ham muhim hujjatlardan biridir. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va maʼqullangan.

Hujjat mintaqaning ulkan transport salohiyatini toʻliq ochish va SHHT mamlakatlari oʻrtasida temir yoʻl sohasida qoʻshma loyihalarni ilgari surishga qaratilgan. Bugun SHHTning barcha davlatlari hududida 244 ming km. temir yoʻl yotqizilgan. Xitoydan Qozogʻistonga, Rossiyaga, undan soʻng Yevropa, Markaziy Osiyo va Fors koʻrfaziga temir yoʻl orqali yuk tashish bosqichma-bosqich oʻsishi tendensiyasi kuzatilyapti. Zotan, Xitoydan Yaqin Sharqqa eng yaqin transport yoʻlagi Rossiya va Markaziy Osiyo orqali oʻtadi.

Maʼlum boʻlishicha, Qozogʻiston — Xitoy chegarasidagi ikkita temir yoʻl oʻtish joyi orqali 2018-yilda temir yoʻl tashuvlari qariyb 14 mln. tonnaga yetdi va 38 foiz koʻpaydi. Hozir 2010-yildagiga nisbatan Xitoydan Yevropaga konteyner tashish hajmi 40 barobardan koʻproqqa oshdi. Ayni chogʻda Xitoy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa yoʻnalishlari boʻyicha har yili 23 mln. ta konteyner tashilmoqda. Biroq shulardan bor-yoʻgʻi 1 foizi temir yoʻl, qolgan 99 foizi dengiz yoʻllari orqali olib borilyapti.

Bu SHHT davlatlari oʻrtasida temir yoʻl tashuvlarini rivojlantirish naqadar katta salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Masalan, Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy temir yoʻli “Sharq-Gʻarb” loyihasi va “Shimol-Janub”ning qator mintaqa ichidagi yoʻlaklari boʻyicha SHHTning muhim transport tarmogʻiga aylanishi koʻzda tutilgan. Binobarin, shu orqali SHHTning barcha davlatlariga Yevropa, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Oʻrta Yer dengizi portlariga chiqish taʼminlanadi.

Mintaqaviy transport yoʻllarini shakllantirishga Afgʻonistonni ham jalb etish muhim. Bu ushbu mamlakatdagi vaziyatni sezilarli barqarorlashtirish imkonini ham beradi. Hayraton — Mozori- Sharif temir yoʻli, loyihalashtirilayotgan Mozori-Sharif — Hirot va Mozori-Sharif — Peshavor yoʻllari Eron, Pokiston va Hindiston temir yoʻllari bilan Chaxbahor va Gvadar portlariga chiqish uchun yangi tranzit yoʻlagini shakllantirish imkonini beradi. Joriy yil 5-sentyabr kuni Afgʻonistondan Xitoyga Hayraton stansiyasidan Doʻstlik koʻprigi va Oʻzbekiston hamda Qozogʻiston temir yoʻllari orqali 41 konteyner joʻnatilgani bu borada ramziy maʼno kasb etdi.

Hududiy rivojlanish, aynan taʼlim, tibbiyot, moliya va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyati, shuningdek, chekka va qishloq hududlarida infratuzilmalarni yaratish yoʻlidagi muammolarni hal qilish ham SHHT doirasida dolzarblik kasb etadi. Zero, Hukumat rahbarlari SHHTga aʼzo davlatlarning raqamli davrda chekka va qishloq hududlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorligi konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasini tayyorlash boʻyicha hamkorlikdagi ishlarga start berishadi.

Yigʻilishda imzolanadigan SHHTga aʼzo mamlakatlar shaharlari ekologik farovonligini rivojlantirish dasturi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan loyiha uchun muhim toʻldirish boʻladi. Chunki u SHHTga aʼzo davlatlar shaharlarida atrof-muhit holatini yaxshilash, bu boradagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda ilgʻor tajribalarni almashish platformasini yaratishga qaratilgan. Dastur shahar hududlarida barqaror rivojlanish prinsiplarini ilgari surish va tabiatni muhofaza qilish sohasida oʻzaro hamkorlikka yordam beradi.

Yana bir loyiha — SHHT iqtisodiy-tahliliy markazlari konsorsiumi reglamentidir. Uni ham Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolash kutilyapti. Mazkur hujjat yangi konsultatsiya-ekspertlik mexanizmi — konsorsium faoliyatining asosiy maqsadlari, vazifalari va yoʻnalishlarini belgilab berishga qaratilgan. Ushbu tuzilma iqtisodiy masalalar boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, SHHT doirasida oʻzaro iqtisodiy aloqalarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tahlil oʻtkazish bilan shugʻullanadi.

Hukumat rahbarlari kengashi “maydoni”da SHHT Kotibiyati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanadi.

Umuman olganda, koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning imzolanishi aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish va SHHT faoliyatining ushbu muhim yoʻnalishidagi oʻzaro sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi.

— SHHT Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentdagi yigʻilishidan kutilayotgan yakunlarni inobatga olgan holda, Siz SHHT Bosh kotibi sifatida savdo-iqtisodiy va gumanitar yoʻnalishlarda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqchisiz?

— SHHT Bosh kotibi sifatida men Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari, tashqi ishlar vazirlari va sohaviy idoralari rahbarlari oʻrtasida erishilgan barcha kelishuvlar amalga oshirilishini taʼminlashga sodiqman.

Xususan, tashkilot mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman. Bu 2019-yilgi SHHT sammiti Bishkek deklaratsiyasida ham alohida koʻrsatib oʻtilgan. SHHT mamlakatlari ayni paytda boy tabiiy resurslar va ilgʻor ishlab chiqarish quvvatlariga ega, oʻz barqarorligi bilan ajralib turadi.

SHHT davlatlarining xorij mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 6,3 trln. dollardan oshib ketdi. Ayni paytda SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi savdo oʻtgan yilda 305 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu oʻzaro aloqalarni faollashtirish kerak boʻlgan yoʻnalishni koʻrsatyapti. Oʻz navbatida, elektron tijorat katta tezlikda rivojlanyapti. Global savdo kesimida elektron tijorat 20 foizga yetgan. 2025-yilga borib bu koʻrsatkich 25 foiz boʻladi. Xitoy va Hindiston esa raqamli texnologiyalar rivojida katta tajribaga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari va SHHTning boshqa davlatlari ularning mazkur ulkan tajribasidan foydalansa, ayni muddaodir. Shuning uchun biz SHHTning elektron savdoni rivojlantirish boʻyicha dasturi loyihasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Biz eʼtibor qaratmoqchi boʻlgan yana bir asosiy yoʻnalish, bu — SHHT doirasida transport hamkorligi hisoblanadi. Logistika markazlarini rivojlantirish, mavjud tarmoqlar va transport obyektlarini modernizatsiya qilish, transport sohasidagi standartlarni, shuningdek, fitosanitar qoidalarni uygʻunlashtirish hamda birxillashtirish jarayonlarini tezlashtirishga koʻmak berish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solamiz. SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida multimodal transport-logistika markazlarini rivojlantirish sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish ham maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Borgan sari dunyo mamlakatlari turizm sohasidagi koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishga oʻz raqobatdoshligini oshirishning strategik imkoniyati sifatida qaramoqda. Bizning fikrimizcha, SHHT mamlakatlari turistik imkoniyatlarini ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega.

SHHT Kotibiyati tashkilotga aʼzo davlatlar qoʻllab-quvvatlashi ostida “SHHTning sakkiz moʻjizasi” loyihasi boʻyicha tadbirlarni taqdim eta boshladi. Undan SHHTning har bir mamlakatidan bittadan sayyohlik obyekti joy olgan. Loyiha taqdimoti Pekin, Sian, Dushanbe va Xelsinkida muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Shu sababdan SHHT maydonida “aqlli” turizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ham birinchi darajali vazifa hisoblanadi.

Ruslan KENJAYEV, Omonulla FAYZIYEV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Pekin


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?