Toshkentda “Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019” mavzuida I Milliy respublika konferensiyasi boʻlib oʻtdi

09:10 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
156 0

10-sentyabr kuni Toshkent shahrida “Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019” mavzuida I Milliy respublika konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Rossiyskiy eksportnыy sentr“ AJ koʻmagida tashkil qilindi. Unda bemorlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha Rossiyaning eng soʻnggi raqamli kompyuterlashtirilgan tizimidan foydalangan holda, Oʻzbekiston reabilitatsiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Ushbu tizim Rossiya fanlar akademiyasi Akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida “MedInvestGrupp” kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonda mazkur ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yoʻnalishlari boʻyicha amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida soʻnggi yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish va uning tezkorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy uslublari joriy etilmoqda, bemorlarga taqdim etilayotgan xizmatlar sifati oshdi. Biroq, erishilgan natijalarni saqlab qolish bilan birga bemorlarni tiklash ham zarur masalalardan biridir.

Muammoning nechogʻliq muhim ahamiyatga egaligini statistik maʼlumotlar ham tasdiqlaydi. Maʼlumki, Oʻzbekistonda har yili insult bilan kasallangan 46 ming nafarga yaqin bemorlar, bosh miya jarohatlaridan keyingi 13 ming nafarga yaqin bemorlar reabilitatsiyaga muhtoj. Respublikamizda reabilitatsiya muolajalariga bajarilishi kerak boʻlgan 700 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qilishmoqda. Ayni paytda, amaldagi reabilitatsiya markazlarining oʻtkazish quvvati esa – atigi yiliga 20 ming nafar bemorga xizmat koʻrsatish bilan cheklanib qolgan. Shu bois, Prezidentimizning 2018-yil 30-avgustda qabul qilingan “Aholiga nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ushbu sohada jahondagi eng yaxshi tajribani hisobga olgan holda, reabilitatsiya tizimini kompleks tarzda isloh qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shuningdek, reabilitatsiya jarayonida eng soʻnggi kompyuter, simulyatsion va robotlashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga urgʻu berish zarur, degan toʻxtamga kelindi. Chunki, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etmasdan, qisqa muddatda reabilitatsiyaga muhtoj boʻlgan bu qadar koʻp sonli bemorlarni davolash va hayotga qaytarish imkonsizdir.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari birinchi bosqichda xorijiy mutaxassislarning reabilitatsiya tizimini modernizatsiyalashga oid qator takliflarini koʻrib chiqdilar. Ular orasida Rossiya fanlar akademiyasi Akademigi Konstantin Viktorovich Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida “MedInvestGrupp” kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan ishlanma ayniqsa, ularning eʼtiborini tortdi.

“Ushbu konferensiya Oʻzbekiston oldida turgan juda muhim muammolarni hal etishga chaqirilgan - deb taʼkidlaydi akademik Lyadov. – Konferensiyada biz butun dunyoda qoʻllanadigan zamonaviy qoʻllanma va texnologiyalarni namoyish qildik.Shuni taʼkidlash kerakki, soʻngi yillarda tibbiyot neyroxirurgiya, kardiologiya, travmatologiya sohalarida sezilarli yutuqlarga erishdi. Bizning vazifamiz — ularni Oʻzbekiston boʻylab tatbiq etib, ularning qaysilari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash markazi tartibiga kiritish uchun maqbul ekanligini birgalikda mulohaza qilishdir. Bugungi kunda insonlarning koʻpchiligi jamiyatga va hayotga qaytish uchun bizning harakatlarimizga muhtoj. Reabilitatsiya — bu sogʻliqni saqlash vazirligi vazifalarining deyarli ajralmas jabhasi hisoblanadi. Agar biz oʻz oldimizga bemorni mukammal darajada davolashni maqsad qilib qoʻygan boʻlsak, biz shunchaki jarrohlik amaliyotini oʻtkazish, yoki insultni davolash bilan chegaralanib qolmasdan, qanday qilib bemorni qayta tiklash — oʻz oilasiga, jamiyatiga qaytishiga, oʻz oʻziga xizmat qilishiga, bemalol mehnat qilishiga yordam berishni oʻylashimiz lozim. Bitta soʻz bilan aytganda jismoniy va aqliy yetuk inson qilib qayta tiklash nazarda tutilmoqda. Bu yerda jarohat olingandan keyin zudlik bilan reabilitatsiya muolajalarini oʻtkazish lozim. Reabilitatsiya qanchalik tez olib borilsa, bemor shunchalik tez va yaxshiroq tiklanadi”.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar reabilitatsiya jarayonini optimallashtirish boʻyicha qator mamlakatlarning bir necha takliflarini oʻrganib chiqdilar. Biroq ular aynan Rossiya ishlanmasiga oʻz qiziqishlarini bildirdilar, chunki ushbu yangi texnologiya foydalanish uchun mutlaqo tayyor loyiha sanaladi. Biz hamkasblarimizga turli harakatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan trenajyorlar toʻplaminigina emas, umumiy dasturiy taʼminotga birlashgan kompleks tizimni taklif etamiz. Ushbu tizim koʻp sonli bemorlarni tez va kam harajatlar bilan samarali reabilitatsiya qilish jarayonini tashkillashtirish imkonini beradi. Loyihaning yana bir afzalligi – unda instruktorlarni tez oʻqitish imkoniyati mavjud. Mazkur tizimdagi ish jarayonida reabilitatsiya markazlaridagi anʼanaviy ish sxemasiga qaraganda, uch baravar kam mutaxassislar jalb qilinadi.

“Konferensiyada biz Oʻzbekistondagi eng yangi texnologiyani — K.Lyadov boshchiligidagi ilmiy guruh bilan hamkorlik mahsulotini namoyish etdik, - deb taʼkidladi Rossiyaning “Ortorent” MCHJ bosh direktori Oleg Velikov. – ushbu metodikaning chet ellik analoglardan qanday afzallik tomonlari mavjud? Birinchidan — uning yordamida oldimizga qoʻyilgan vazifalarni minimal xarajatlar bilan unumli darajada bajarish mumkin. Ikkinchidan, uning qoʻllanish spektirining kengligi. Ushbu uskunani turli hil nevrologik kasalliklarga, bosh miya kasalliklari, orqa va boshqa jismoniy jarohatlardan kelib chiqqan kasalliklarga uchraganbemorlar bilan reabilitatsiya muolajalarini oʻtkazishda qoʻllash mumkin. Internetning yaxlitligidan foydalangan holda insonlarning yordamisiz jihozning ishlash zanjirini ishlab chiqish mumkin. Bu esa quyidagi toifadagi kasalliklarni davolashda juda ham qulay.

Konferensiyada koʻrib chiqilgan asosiy maqsadlardan biri — Oʻzbekiston Respublikasidagi zamonaviy reabilitatsiya jihozlarning saviyasini aniqlash. Respublikamizda reabilitatsiyaning qaysi yoʻnalishlari mashhur? Ushbu toifadagi jihozlardan yonimizga qoʻyilgan masalalarni hal qilishda qay turlari va qanday hajmda kerak? Ushbu va boshqa masalalar bugungi tadbir davomida mulohaza etiladi. Konferensiya natijada Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi mutaxassislaridan tashkil topgan guruh reabilitatsiya sohasidagi asosiy va xalqaro masalalarni koʻrib chiqishadi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ushbu loyihani amalga oshirishda kerak boʻladigan jihozlar taʼminotini qondirishda kerak boʻladigan jihozlar soni aniqlanadi.”

Rossiyalik olimlar bemorlar bilan mashgʻulotlar oʻtkazish uchun moʻljallangan maxsus uskunalar toʻplamini emas, raqamlashtirish boʻyicha jahondagi eng dolzarb ishlanmalarga asoslangan, butun respublikamizda reabilitatsiya jarayonini tashkil qilishning raqamli kompyuterlashgan tizimini taqdim etdilar. Muqobili boʻlmagan mazkur kompleks tizim koʻp sonli bemorlarni tez, samarali va eng kam xarajatlar bilan reabilitatsiya qilishni tashkillashtirish imkonini beradi va Oʻzbekiston reabilitatsiya markazlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini ancha oshiradi.

Ushbu tizim shuningdek, bemorlar bilan ishlashda xodimlar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etishga ham yordam beradi. Bu instruktorlarni oʻqitish va qayta oʻqitish jarayoni toʻliq tashkillashtirish orqali taʼminlanadi. Bunda odatdagi reabilitatsiya tizimida mehnat qiladigan mutaxassislarga qaraganda, ancha kam xodim talab etiladi. Xususan, yangi tizimda multidissiplinar brigadalar talab etilmaydi, chunki sunʼiy intellekt bemorlarning ahvolini baholaydi, har bir bemor uchun alohida davolash kursini tanlab beradi. Tibbiy hujjatlarni tahlil qilish jarayoni ham avtomatlashgan. Bemorni tiklash jarayoni esa, Rossiyalik mutaxassislar tomonidan yaratilgan va Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsus kompyuterlashgan trenajyorlar toʻplami yordamida amalga oshiriladi.

Bemorlar uchun marshrutlarni belgilash boʻyicha ham maxsus dastur ishlab chiqilgan boʻlib, bu jadallashtirilgan reabilitatsiya dasturi va trenajyor vaqtidan samarali foydalanishni taʼminlaydi. Yaʼni taklif etilgan tizim turli patologiyalari bilan kelgan bemorlarni reabilitatsiya qilish muammosini har tomonlama hal etish imkonini beradi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu raqamli ishlanmani Oʻzbekistonda nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yoʻnalishlari boʻyicha amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi bilan faol hamkorlik qilib kelayotgani ham ijobiy omillardan sanaladi. Rossiya eksport markazi ushbu loyihani moliyalashtirishda koʻmak berishga tayyor ekanini bildirdi. Bu bemorlarni tiklash boʻyicha amalga oshiriladigan davolash koʻrsatgichlarini davlat darajasida yaxshilashi mumkin.

Tashkil etilgan konferensiyaning bosh vazifasi yurtimiz reabilitologlariga yangi ishlanmaning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yetkazish, oʻzbekistonlik mutaxassislarning reabilitatsiya sohasidagi asosiy talablarini aniqlash hamda ushbu yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhini shakllantirishdan iboratdir.

Mazkur anjuman bemorlarni tiklashga qaratilgan davolash tizimidagi eng muhim yangiliklarni muhokama qilish va eng yangi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishish uchun oʻziga xos maydoncha boʻldi. Bu yaqin orada Oʻzbekiston Respublikasida bemorlarni reabilitatsiya qilishga boʻlgan yondashuvni tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun.

Konstantin Viktorovich LyadovRossiya Fanlar akademiyasi Akademigi, jarroh, reabilitolog, RFda xizmat koʻrsatgan shifokor. 2016-yil oktyabrda Rossiya Fanlar akademiyasining tibbiyot fanlari (klinik reabilitologiya) boʻlimi boʻyicha Akademigi etib saylangan. Yevropa kardiologlar jamiyatining kardioreabilitatsiya yoʻnalishi boʻyicha ishchi guruhi aʼzosi. Uning rahbarligi ostida 10 ta nomzodlik va 6 ta doktorlik dissertatsiyalari tayyorlangan. Konstantin Viktorovich Lyadov 300 dan ziyod ilmiy maqolalar, 12 ta monografiyalar, bitta darslik muallifi. Insult, bosh miya va umurtqa jarohati, onkologiya kasalliklaridan keyin bemorni reabilitatsiya qilish metodikasini ishlab chiqqan.

GK “MedInvestGrupp”. “MedInvestGrupp” kompaniyalar guruhi yadro tibbiyoti markazlari boʻyicha mamlakatdagi “PET-Texnolodji” yirik tarmoqni boshqaradi. Xolding tarkibi radiofarmpreparatlarni ishlab chiqarishni, Obninskda Gamma Clinic “gamma pichoq”qurilmasi bilan jihozlangan “K+31” klinikalari, Konstantin Lyadovning “Lyadov klinikasi” loyihasi hamda LabQuest laboratoriyalar tarmogʻini oʻz ichiga oladi.

“Ortorent” kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan boʻlib, tayanch-harakatlanish apparatida muammolari bor va turli nevrologik patologiyalari boʻlgan bemorlarni tiklash maqsadida zamonaviy reabilitatsiya uskunalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Kompaniya bemorni tiklashga qaratilgan raqamli texnologiyalar, ilgʻor metodika, iqtisodiy asoslangan uskunalardan faol foydalanadi. 2012-yildan buyon Rossiya fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh bilan nevrologik muammolari boʻlgan bemorlarni reabilitatsiya qilish uchun uskunalarni tayyorlash va ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniya Rossiyaning “Sogʻliqni saqlash”milliy loyihasi doirasida “Ona va bola salomatligi saqlash”, “Bolalar sogʻligʻini saqlashni rivojlantirish, bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish” hududiy dasturlari hamda “Yurak qon-tomirlari kasalliklariga qarshi kurash” federal loyihasini amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. Kompaniya Rossiya miqyosidagi bolalar poliklinikalari va qon tomir markazlarini tibbiyot uskunalari bilan taʼminlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?