Toshkentda piyodalar svetoforlariga taymerlar o‘rnatiladi

14:27 25 May 2018 Jamiyat
1332 0
Foto: Газета.uz

Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev tashabbusi bilan poytaxtda piyodalar svetoforlari teskari sanoqli svetoforlarga almashtirish loyihasi boshlandi, deb yozmoqda Gazeta.uz

24 may kuni dastlabki oltita svetofor poytaxt markazidagi Zarafshon va Matbuotchilar ko‘chalari kesishmasiga o‘rnatildi.Yangilikni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — yo‘llarni birinchi navbatda piyodalar uchun qulay va xavfsiz qilishdan iborat, dedi shahar hokimiyati vakili. Yangi svetoforlar birinchi navbatda piyodalar oqimi katta bo‘lgan joylar hamda ko‘chalarning tirband va xavfli qismlariga o‘rnatiladi.

«Svetoforlar birinchi navbatda almashtiriladigan joylar ro‘yxati tuzildi va u to‘ldiriladi. Birinchi bosqichda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 400 ta yorug‘lik diodli svetofor sotib olish rejalashtirilgan. Avtomobillar uchun vaqt ko‘rsatkichli svetoforlarni o‘rnatish rejalashtirilayotgani yo‘q», — dedi poytaxt ma’muriyati vakili.

Yaqin kunlarda quyidagi ko‘chalarda svetoforlar almashtiriladi:
Mustaqillik (Darxondagi piyodalar o‘tish joyi);
Mirzo Ulug‘bek — Musavvirlar;
Parkent (Parkent bozori qarshisidagi ikkita piyodalar o‘tish joyi);
Afrosiyob ko‘chasi («Moviy gumbazlar» xiyoboni yonidagi piyodalar o‘tish joyi);
Shota Rustaveli — Minglar;
Shota Rustaveli (Askiya bozori va Muqimiy oralig‘iga);
Muqimiy ko‘chasi (173-maktab);
Muqimiy ko‘chasi («Sport tovarlari» chorrahasi);
Moyqo‘rg‘on — Binkat (AQSh elchixonasi yaqinida).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?