Toshkentda oʻtkaziladigan Xalqaro transport konferensiyasida TIACA Bosh kotibi ishtirok etishini tasdiqladi

17:57 15 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
962 0
TIACA Bosh kotibi Vladimir Zubkov

Oldin xabar berganimizdek, shu yilning 20 sentyabr kuni Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar“ mavzuidagi I Xalqaro konferensiya boshlanadi.

Anjumanda 50 dan ortiq mamlakatdan 340 nafar xorijiy mehmonlar, xususan, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Moldova, Pokiston, Polsha, Rossiya, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Belarus, Germaniya, Gruziya, Misr, Hindiston, BAA, Eron, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, AQSH, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Sheysariya va Yaponiya kabi davlatlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari“ Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, Xalqaro yuk aviatashuvlari uyushmasi (TIACA) Bosh kotibi Vladimir Zubkov ham mazkur forumda ishtirok etishini tasdiqlagan.

Ekspertning fikricha, konferensiya Markaziy Osiyo transport sektoridagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va oʻzaro maqbul yechimlarning mintaqaviy konsultatsion mexanizmini ishlab chiqishda muhim qadam boʻladi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, “Oʻzbekiston havo yoʻllari“ MK fuqaro aviatsiyasi yoʻnalishi boʻyicha Markaziy Osiyoda havo transportini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokamasiga bagʻishlangan seksion yigʻilishning tashkilotchisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?