Toshkentda Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqa boshlandi

16:03 10 May 2018 Sport
1036 0

Bugun poytaxtimizda sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi. 
Mazkur qit’a chempionati shu yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres (Argentina) shahrida o‘tkaziladigan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar ham taqdim etadi.
Musobaqada Osiyoning 21 ta davlatidan 400 nafarga yaqin sportchi va murabbiylar ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, har uchchala yo‘nalish (erkin, yunon-rum va ayollar kurashi) bo‘yicha beshta vazn toifasida (o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan vaznlar) chempionlikni qo‘lga kiritgan sportchilar litsenziya sohibiga aylanadilar. Demak, qit’a chempionatida o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga jami 15 ta litsenziya o‘z egasini topadi.

Musobaqada umumiy hisobda 30 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Qayd etish lozimki, ushbu musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar oltin medallardan tashqari, Osiyo chempionatlari tarixida ilk marotaba tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan maxsus chempionlik kamariga ham ega bo‘ladilar.
Ayni paytda yunon-rum kurashi bo‘yicha –45, -48, -51, -55, -60, -92, -110kg vazn toifalarida finalchilar aniqlanmoqda.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, hozircha hamyurtlarimizdan L. O‘zbekov (-51kg) qozog‘istonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, keyingi davraga yo‘l oldi. K. Yunusxonov (-45kg) va Muhammadali Saydullayev -(110kg)lar esa afsuski ilk bosqichdayoq imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.

Soat 17:30da “O‘zbekiston” sport majmuasida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 
18:00dan boshlab esa final bellashuvlari start oladi. Shunday ekan Buenos-Ayresga dastlabki yo‘llanmalar egalari nomi aniq bo‘ladi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?