Toshkentda nufuzli xalqaro ko‘rgazma boshlandi

17:46 18 May 2018 Madaniyat
472 0

Yoshlar ijod saroyida “Oltin qo‘l hunarmand” xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi. 

Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat, Tashqi ishlar vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi kabi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon davlatlaridan 140 nafardan ziyod hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 

Xalqaro ko‘rgazmada yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, sangtaroshlik, zardo‘zlik, naqqoshlik, kashtado‘zlik, gilamdo‘zlik, zargarlik, chitgarlik singari hunarmandlik mahsulotlari namoyish etilmoqda. 

— Yoshligimizdan ota-bobolarimiz ardoqlagan kasb — atlaschilik bilan shug‘ullanib kam bo‘lganimiz yo‘q, — deydi marg‘ilonlik hunarmand Muqaddasxon Hoshimova. — Bugun nafaqat adras to‘qish, balki milliy matolarimizdan liboslar tikishni ham yo‘lga qo‘ydik. Bugun bizning mahsulotlarimiz nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlar bozorlarida ham o‘z o‘rnini topib bormoqda. 

Mamlakatimizda hunarmandlarning erkin faoliyat olib borishlari uchun ko‘plab imtiyozlar yaratilgan. “Hunarmand” uyushmasi a’zolarining turli soliqlardan ozod etilganligi, manzilli dasturlar asosida ularga imtiyozli kreditlar ajratilayotganligi, qisqa davr oralig‘ida 4,5 ming nafar hunarmandga 126,5 mlrd.dan ziyod imtiyozli kreditlar berilganligi fikrimizning isbotidir. 

— Gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanaman, — deydi turkiyalik ishbilarmon Yakip Yerdem. — Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etishimdan maqsad, o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan birgalikda ipakli gilam to‘qishni yo‘lga qo‘yish. Ayni paytda farg‘onalik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldik. 

Ko‘rgazma doirasida hunarmandlar va amaliy san’at ustalari tomonidan amaliy san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar hamda talabalar uchun “Mahorat saboqlari” mashg‘ulotlari ham bo‘lib o‘tdi. 
Unda faol ishtirok etgan hunarmandlar diplom hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi. 

Mavjuda XOLMATOVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?