Toshkentda “Nobelchilar” dargohi boʻlgan Sankt-Peterburg davlat universitetining MDHdagi birinchi filiali tashkil etiladi

21:04 13 Mart 2020 Jamiyat
662 0

Bugun, 13-mart kuni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari U.Begimqulov rahbarligida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori G. Rixsiyeva, Oʻzbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli A. Babayev va boshqalardan iborat delegatsiya Sankt-Peterburg davlat universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.

Tashrifdan koʻzlagan asosiy maqsad ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻlib, xususan, Oʻzbekistonda Sankt-Peterburg davlat universitetining filialini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriligi va Sankt-Peterburg davlat universiteti oʻrtasida Toshkentda Rossiyaning nufuzli universiteti filiali faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.

– Bugun Oʻzbekistonda jahonning yana bir nufuzli universitetlaridan birining filialini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdik, – dedi vazir oʻrinbosari U.Begimqulov. – Yangi filial biotibbiyot va sharqshunoslikka ixtisoslashadi. Biotibbiyot – biz uchun yangi taʼlim yoʻnalishidir. Filialda kimyo, biologiya, fizika va boshqa fanlar boʻyicha ilgʻor fanlararo tadqiqotlar olib boriladi hamda bu jarayonga Oʻzbekistonning yetakchi tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari faol jalb qilinadi.

Oʻz navbatida, Sankt-Peterburg davlat universiteti rektori Nikolay Kropachev ham Oʻzbekistonda taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirishdan juda manfaatdor ekanligini alohida taʼkidladi.

Tashrif davomida shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburg davlat universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishni koʻzda tutgan anglashuv memorandumi ham imzolandi.

Maʼlumot uchun, Sankt-Peterburg davlat universiteti Rossiyada tashkil etilgan birinchi (1724-yil) universitet hisoblanadi. Universitet 9 nafar Nobel mukofoti laureati, 6 nafar mamlakat Bosh vaziri va Rossiya Federatsiyasining 2 nafar prezidentini tayyorlagan oliy oʻquv yurti sanaladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?