Toshkentda Mixalkovning “Mister nokaut” filmini suratga olish ishlari boshlandi. Filmda bosh rollardan birini Sergey Bezrukov ijro etadi

15:05 16 Oktyabr 2020 Madaniyat
121 0

Rossiyalik rejissyor Artyom Mixalkov “Mister nokaut” nomli sport dramasini suratga olish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Olimpiya chempioni Valeriy Popenchenko haqidagi filmning bosh rolini Viktor Xorinyak, uning murabbiyi Grigoriy Kusikyansning rolini Sergey Bezrukov ijro etadi. Film Toshkent, Chirchiq, Yangiobod va Chorbogʻda suratga olinadi. Hozirda filmda ishtirok etadigan oʻzbek aktyorlarining kastingi davom etmoqda. Bu haqda «Oʻzbekkino» Milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Artyom Mixalkov filmni suratga olish ishlari aynan bizning mamlakatimizda boʻlib oʻtayotganidan behad mamnun ekanligini taʼkidladi. «Oʻzbekkino» Milliy agentligi “Mister nokaut” filmini suratga olish ishlariga yaqindan yordam bermoqda. Shu munosabat bilan Artyom Mixalkov «Oʻzbekkino»ga tashrif buyurdi. Rahbariyat bilan uchrashuv chogʻida “Mister nokaut” kinoasarini yaratishga doir hamda keyingi hamkorlikdagi loyihalar toʻgʻrisida fikrlar almashildi.

“Har galgi xizmat safarim davomida men oʻzbek kino sohasining rivojlanish jarayonlarini diqqat bilan kuzatdim. Bu yil bir guruh iqtidorli yoshlar Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (VGIK)da oʻqishga otlanishgani quvonarli hol, chunki har doim yetuk mutaxassislar kerak va bu har qanday kino ijodkorlari uchun birinchi raqamli masaladir. Biz professionallarga ishonishmiz va pirovardida professional yoshlarni tarbiyalashimiz kerak. «Oʻzbekkino» ga navbatdagi tashrifim davomida men “Yoshlar studiyasi”, “Kino muzeyi” bilan tanishdim. Men «Oʻzbekfilm» kinostudiyasi yangi binosining qurilishi jarayonlarini ilk bosqichlarida ham va hozir ham koʻrdim. Qisqa vaqt mobaynida asosiy bino qad rostlabdi. Shundan koʻrinib turibdiki, oʻzbek kinosini rivojlantirishga doir juda koʻp samarali ishlar qilinmoqda. Davlat va xususan «Oʻzbekkino» tomonidan bugungi oʻzbek kinematografiyasining taraqqiy etishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

“Mister nokaut” filmi taniqli sovet bokschisi, 1964-yilda Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, ikki karra Yevropa chempioni, SSSRning olti karra chempioni va Olimpiya oʻyinlarining eng texnik bokschisiga beriladigan «Val Barker kubogi»ning yagona sohibi Valeriy Popenchenkoning taqdiri haqidagi biografik dramadir. Boʻlgʻusi Olimpiya chempionining yoshlik davri urushdan keyingi yillarda Toshkentdagi Suvorov bilim yurtida oʻtadi. Mashhur sportchining tarjimayi holidagi aynan shu tafsilot filmni Oʻzbekistonda suratga olinishi uchun muhim omil boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?