Toshkentda MDHga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

14:33 12 Oktyabr 2018 Siyosat
907 0
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Toshkentda birinchi marta MDHga aʼzo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

12 oktyabr kuni Toshkentdagi Oʻzbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishga Rossiya Federatsiyasining mudofaa vaziri armiya generali S. Shoygu raislik qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov oʻz nutqida barcha yigʻilish ishtirokchilarini qutlab, global xavf va tahdidlar kuchaygan bir vaqtda Kengashning muhim ahamiyatga ega ekanligini oʻz tasdigʻini topayotganini taʼkidlab, Kengash koʻp tomonlama harbiy hamkorlikning kengayishi uchun muhim platforma ekanligiga ishonch bildirdi.

“MDHga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi oʻz faoliyati davomida koʻp tomonlama harbiy hamkorlikni taʼminlovchi, harbiy siyosat va harbiy qurilish, harbiy mojarolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadigan amaliy organ sifatida shakllanib ulgurdi.

Bugungi uchrashuvimiz oʻsib borayotgan geosiyosiy tanglik, tobora radikallashayotgan va kuchayib borayotgan diniy fanatizm, yaqin va uzoqdagi qoʻshnilarimizda mojaroli vaziyatlar yuzaga kelayotgan bir vaqtda boʻlib oʻtmoqda.

Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining formati milliy va umumiy qarashlarni hisobga olgan holda oʻzaro aloqalar diapazonini kengaytirish imkonini berishini inobatga olib, Oʻzbekiston mazkur kollektiv organi faoliyatida ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratmoqda”, – dedi Abdusalom Azizov.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, yigʻilish davomida Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yoʻlidagi ustuvor vazifalar, Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar oʻrtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiatsion, kimyoviy va biologik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, MDHga aʼzo mamlakatlar qurolli kuchlari aviatsiya parvozlari sohasida hamkorlik masalalari, Yagona davlat radiolokatsion identifikatsiya tizimini amalga oshirish, harbiy taʼlim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish, Ikkinchi Jahon urushining 75 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari kengash aʼzolari Mudofaa vazirlari kengashining 2019 yil boʻyicha ish rejasini qabul qildi, MDHga aʼzo mamlakatlar qurolli kuchlarining hamkorlikdagi (birlashgan) aloqa tizimini rivojlantirishga, 2022 yilga qadar qurolli kuchlar faoliyatining dasturiy taʼminoti, navigatsiya, metrologiya, topografiya va geodeziya sohasida hamkorlikni tashkil etish, 2019 yil davomida MDHga aʼzo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qoʻshinlari qoʻmondonliklari oʻrtasida qoʻshma mashgʻulotlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan hujjatlar imzolandi.

Tadbirda mamlakatlar mudofaa idoralari rahbarlariga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” esdalik nishoni topshirildi.

Maʼlumot uchun, MDHga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi 1992 yilda tashkil etilgan. Mazkur kengash tarkibidan Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikasi vakillari oʻrin egallagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?