Toshkentda koʻp tarmoqli texnologiya parki tashkil etildi

09:35 02 Aprel 2019 Jamiyat
427 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 10 avgust kuni poytaxtimiz tumanlaridagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish chogʻida “Oqlon” texnologiya parkini barpo etish vazifasini qoʻygan edi.

Bu borada Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 7 noyabrda “Koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Maqsad — investitsiyalarni faol jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yangi raqobatdosh ishlab chiqarishlarni va texnologiya parklarini rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning alohida hududlarda jamlanishini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligi va farovonligini oshirishdan iboratdir.

Qaror asosida Shayxontohur tumanida boʻsh turgan yer uchastkasining umumiy maydoni 1,8 gektar boʻlgan qismi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning investitsiya kompaniyasi — “PSBCapital” MCHJga koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etish uchun ajratib berildi. Bunda “Oʻzsanoatqurilishbank” va “PSBCapital” kompaniyasiga istisno tariqasida texnopark hududida obyektlarni belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etgan holda bir vaqtda loyihalashtirish shartlarida qurishga ruxsat berildi.

Bugungi kunda mazkur texnoparkda qator yirik korxonalar oʻz ishlab chiqarish faoliyatini boshlash arafasida turibdi.

Ulardan biri koptoklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Overbridge” korxonasidir. Jami qiymati 45,0 mlrd. soʻm boʻlgan ushbu loyiha uchun tashabbuskor mablagʻlaridan tashqari xorijiy investitsiyalar hamda bank kredit mablagʻlari ham jalb qilindi. 550 nafar ishchi doimiy ish bilan taʼminlandi. Korxona toʻla quvvatda ishga tushsa, yiliga 875,0 ming dona koptok ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

“Lider kosmetik”. Ushbu korxona texnoparkdagi katta yer maydoniga ega ishlab chiqarish obyektlaridan biridir. U yerda sanitar-gigiyenik mahsulotlar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Uni barpo etish, jihozlash va dastlabki xom ashyo bilan taʼminlash ishlariga 35,0 mlrd. soʻmlik mablagʻ yoʻnaltirildi. Shundan 2,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ bank tomonidan Xitoy davlat taraqqiyot banki kredit liniyasi hisobidan Turkiyadan zamonaviy texnologik jihozlar keltirishga jalb qilindi. 260 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Yana shunday yirik loyihalardan biri 190 ta ish oʻrniga ega “Colmet engravo” korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda yiliga 20,0 mlrd. soʻmlik rangli metallardan turli mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun korxona Turkiya Eksimbanki kredit liniyasi hisobidan xorijdan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlandi.

Qayd etish joiz, “Oqlon” texnoparkida ish boshlayotgan mazkur korxonalar uchun jami 110,0 mlrd. soʻmga teng sarmoyalar yoʻnaltirildi. Shundan 3,0 mln. AQSH dollari xorijiy investorlar tomonidan jalb qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?