Toshkentda xokkey boʻyicha xalqaro turnir oʻtkaziladi

10:25 22 Avgust 2019 Jamiyat
92 0

23-24-avgustda Toshkentdagi koʻp tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab xalqaro turnir oʻtkaziladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Musobaqada Tungi xokkey ligasining doimiy ishtirokchisi, Rossiyaning “Premyer” jamoasi hamda Oʻzbekistonning “Toshkent” va “Xumo” klublari faxriylari ishtirok etadi. Xalqaro turnir Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi va “Toshkent” xokkey klubi hamkorligida tashkil etilmoqda. Turnirning rasmiy ochilish marosimi 23-avgust kuni soat 15:00 da muhtasham “Xumo Arena” muz saroyi hududida oʻtkaziladi.

Shu kuni “Premyer” va “Toshkent” jamoalari aʼzolari dastlabki uchrashuvda kuch sinashadi. 24-avgust kuni soat 12.00 da rossiyaliklar “Xumo” jamoasiga qarshi kurash olib boradi. Qayd etish lozimki, “Premyer“ klubiga 2005-yilda afsonaviy xokkeychi Vyacheslav Fetisov tashabbusi bilan asos solingan. Bugungi kunda mazkur jamoa tarkibi xokkeyga mehr qoʻygan, bir-birini nafaqat muz ustida, balki maydon tashqarisida ham doimo qoʻllab-quvvatlaydigan insonlardan iboratdir. “Premyer” xokkey klubi avvaliga oʻz oldiga sport musobaqalarida ishtirok etishni maqsad qilib qoʻymagan edi. Shunga qaramay, 2010-yilga kelib jamoa havaskor xokkey klublari oʻrtasida oʻtkaziladigan turnirlarning doimiy ishtirokchisiga aylandi. 2015-2016-yilgi mavsumda “Premyer“ jamoasi Tungi xokkey ligasi festivali beshinchi saralash bosqichi muntazam chempionati yakunida eng yuqori natija koʻrsatdi. Pley-off natijalariga koʻra ham, “Orzular ligasi” (Ikkinchi divizion)ning “18+” divizionida 1-oʻrinni egalladi.

“Barchangizni 23-24-avgustda Toshkent shahridagi koʻp tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan xalqaro turnirga taklif etamiz!” deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?