Toshkentda go‘zallik sanoati xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

12:00 21 Iyun 2018 Madaniyat
685 0
Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida XIV “Beauty Expo Uzbekistan — 2018” xalqaro go‘zallik sanoati ko‘rgazmasi ochildi.

“Expo Position” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Ukraina, Rossiya, Turkiya, Koreya, Hindiston, Xitoy kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatlardan 60 dan ziyod kompaniyalar o‘z mahsulotlari, kosmetologik xizmatlari, go‘zallik salonlari uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalari bilan ishtirok etmoqda.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”

“Beauty Expo Uzbekistan – 2018” ko‘rgazmasidan ko‘zlangan asosiy maqsad go‘zallik sanoati sohasidagi yutuqlarni namoyish etish, davolash-kosmetikasining tabiiy usullariga aholining e’tiborini kuchaytirish, tabiiy mahsulotlar asosida yaratilgan pardoz mahsulotlarini ko‘paytirish, soha mutaxassislarining o‘zaro fikr va tajriba almashishiga imkon yaratishdan iboratdir.

Ko‘rgazma doirasida onalik hamda bolalik — “Kinder Expo Uzbekistan” taqdimoti, kosmetologiya va estetik tibbiyot bo‘yicha mahorat saboqlari hamda seminar-treninglar, sartaroshlik san’ati bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, tirnoq dizayni va pardozlik bo‘yicha “Ipak yo‘li” respublika tanlovi ham o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma shu yilning 23 iyunigacha davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?