Toshkentda kampus — harbiy-ilmiy shaharcha quriladi

17:47 15 Fevral 2019 Jamiyat
497 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Toshkentda xalqaro standartlarga mos kampus quriladi. Bu haqda davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi. Harbiy institut boshligʻi Hakim Muhiddinovning “Vatanparvar” gazetasiga bergan intervyusida taʼkidlanishicha, kampus hududida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti joylashadi, deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabarida.

Kampus, bu — xalqaro tilda ilmiy shaharcha, degani. Mazkur shaharchada ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, nazariyani oʻrganish, tajriba-amaliyot oʻtash hamda yashash uchun barcha sharoit yaratiladi. Ilmiy shaharchada aloqa sohasiga oid harbiy qism barpo etiladi hamda harbiy qismga qoʻshinlarda qoʻllanilayotgan barcha turdagi aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid texnika hamda uskunalar joylashtiriladi.

Harbiy qism yangi harbiy institut yonida joylashgani sababli kursantlar bugungi oʻtgan mavzusini yoki oʻrgangan uskunasini erta kuniyoq amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻladilar.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etilgandi.

Mazkur harbiy institutga 20 dan ortiq taʼlim muassasalari, jumladan, respublikadagi xorijiy universitetlarning 3-bosqichini tugatgan, oʻqish yakunlari boʻyicha yuqori natijalarga erishgan, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli, deb topilgan talabalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Harbiy institutni tamomlagan kursantlarga “leytenant” harbiy unvoni beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?