Toshkentda IV Xalqaro yoshlar sammiti boshlandi

13:26 13 May 2019 Jamiyat
682 0

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

“Yoshlar ijod saroyi”da Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar loyihasini boshqarish (YPM) bilan hamkorligida tashkil etilgan IV Xalqaro yoshlar sammitiga start berildi. “Yoshlar-kasb koʻnikmalar-kelajak” nomli xalqaro ushbu anjuman hududlarimizdan 120 nafar hamda xorijdan 30 nafar iqtidorli yoshlarni jamlab, XXI asr kasb malaka talablari va yosh kadrlar mahoratlarini rivojlantirish boʻyicha oʻz loyiha va takliflarini ishlab chiqishi rejalashtirilgan.

Sammit doirasida chuqur bilimga ega, oʻz kasbining yetuk mutaxassislari, shuningdek xorijlik mutaxassislar yoshlarga turli sohalar boʻyicha master klasslar oʻtadi. anjuman soʻnggida yoshlar oʻz qiziqishlaridan kelib chiqqan holda loyihalar taqdim etiladi. Maʼqul topilgan loyihalarning qoʻllab-quvvatlanishi, amaliyotga tatbiq etilishi, amalga oshirishga tavsiya etiladi.

Anjuman 15 maygacha davom etadi.

Soʻz anjuman ishtirokchilariga:

Jassi NARVI, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Siyosat, matbuot va axborot boʻlimi rahbari:

Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan katta masshtabli xalqaro yoshlar sammitidan men juda ham mamnunman. Bu har sohada rivojlanib borayotgan mamlakat taraqqiyotining yana bir koʻrinishi hamdir desam adashmayman. Ushbu sammit orqali tajriba va koʻnikmalar xususida, istiqboldagi rejalar haqida yangi fikrlar, gʻoyalar olish kutilmoqda. Bugungi kunda tanqidiy fikrlash ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, xalqaro yoshlar sammiti doirasidagi master klasslar yoshlarda mana shu koʻnikmani rivojlantirishga sharoit yaratadi. Kelgusida ushbu dastur yanada koʻproq yoshlarni qamrab olishini istar edim. Bugun kompyuter va inson oʻrtasidagi musobaqa kundan kunga oʻsib bormoqda va anjumandan soʻng yangi bosqichga chiqishidan umiddaman. Yana shuni aytib oʻtishni xohlardimki, har bitta amalga oshirilayotgan islohotlarni odamlarga yetkazishda ommaviy axborot vositalarning oʻrni alohida ahamiyatli. OAV savodxonligini oshirish va ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida kelgusida gʻoyalar ishlab chiqilsa yanada yaxshi boʻladi.

Tahmina USMONOVA, Fargʻona Davlat universiteti talabasi:

Bu yil toʻrtinchi marotaba oʻtkazilayotgan xalqaro yoshlar sammitida taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tajriba almashish va yangi gʻoyalarga ega boʻlish maqsadida ishtirok etmoqdaman. Anjumandan maqsad, taʼlim, texnologiya, media, biznes kabi sohalarini rivojlantirish boʻlib, kelajakda yangi kadrlar tayyorlashda bu sammit katta yordam beradi. men kelgusida oliy taʼlim muassasalari talabalariga ingliz tilidan dars berishni maqsad qilganman va bu borada ushbu anjumanda xorijlik mutaxassislardan yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishga umid qilaman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?