“Toshkentda ish boshlaganimda, bunday o‘zgarishlar bo‘lishini tasavvur qilmagandim”. AQSH elchisi bilan suhbat

12:42 01 Avgust 2018 Siyosat
586 0
Foto: “Amerika ovozi”

Hademay AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlaydi. Diyorimizda o‘tgan uch yarim yillik faoliyati davomida Spratlen xonim ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojida alohida faollik ko‘rsatdi.

“Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imamova “Xalq so‘zi” gazetasi uchun diplomat bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi. Ana shu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

— Toshkentdagi diplomatik missiyangiz tugab bormoqda.
— Afsuski, shunday.

— Tarixga guvohsiz... Muhim damlarda ­O‘zbekistonda bo‘ldingiz.
— Shunday, omadim bor ekan.

— Elchi qachon yangilanadi?
— Bilasiz, buni ayta olmayman. Bu masala Vashingtonda hal etiladi.

— Jarayon sekin.
— Ha, sekin, lekin tushunsa bo‘ladi. Uni Oq uyda ­Prezident va uning tarkibi boshqaradi. Elchi — ­davlat rahbari ishongan shaxs, uning vakili.

Men Toshkentda ish boshlaganimga uch yarim yil bo‘ldi. Bu — yaqin muddat ichida o‘rnimga kimdir kelishi kerak degani. Bu menga bog‘liq emas. Nomzod tanlanadi, uni Kongress ko‘rib chiqadi. Har qanday davlatga elchi shunday tayinlanadi. Yangi elchi kelganida odamlar, albatta, xursand bo‘ladi. Ungacha esa samolyotga chiqib, Vatanimga qaytgunimga qadar, AQSH — O‘zbekiston aloqalari va xalqlarimiz ravnaqi uchun xizmat qilishda davom etaman.

— Siz ayol diplomatsiz, bundaylar kam. Afro-amerikalik elchisiz, ular ham juda kam. Sizni unutish qiyin bo‘ladi. Sizni qanday eslashlarini xohlar edingiz?
— Avvalo, O‘zbekiston ahliga aytadigan gaplarim bor. Sizlardan cheksiz minnatdorman. Meni keng quchoq ochib kutib oldingiz. Birinchi daqiqalardanoq olqishladingiz. Davlatga kirishim bilan 48 soat ichida tashqi ishlar vaziri ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qildi. Oradan 10 kun o‘tmay ishonch yorlig‘imni Birinchi Prezident Islom Karimov qabul qildi. Qayerga bormay, odamlar meni juda iliq qarshilaydi. O‘zbekistonning taniqli joylari — Samarqand, Buxoro va Xiva yoki Farg‘ona vodiysidagi Mingtepa degan joy bo‘lsin, Termizmi, qayerga qadam qo‘ymay, O‘zbekiston xalqi meni ochiq chehra va tabassum bilan kutib oladi. Elchi sifatida bu ehtirom va imkoniyat — men uchun bebaho.

Elchilik davrimda yangicha hamkorlik yo‘lini ochdik. Shunday sheriklik imkoniyati yaratildi. Mevasini ko‘raveramiz. Yoshlar bilan maroq bilan ishladim. Ularning orzulari, kelajak haqidagi o‘ylaridan ilhom oldim. Bu bilan faxrlanaman.

Barcha hamkasblarimdan juda minnatdorman. Ular menga ishondi, tayandi. Rishtalarimiz muvaffaqiyati, hamkorlikdagi har qanday yutuq ko‘plab odamlarning qattiq mehnati mahsulidir, faqat meniki emas.

AQSHdek davlatning diplomati bo‘lish — bir baxt. Umidim shuki, shunday karyera qilish imkoniyati O‘zbekiston yoshlariga ham nasib etsin.

O‘zbekistondek ajoyib mamlakat tarixining shu davrida o‘ziga xos rol o‘ynay olganimiz uchun behad shodman. Albatta, AQSH uchun ham muhim bir davr bu. Hamkorlikning asosi barpo etildi, endi uni ko‘tarish kerak. O‘rnimga kelgan odamning ishi shu bo‘ladi.

Mening nazarimda, O‘zbekistonning hozirgi rahbari dunyoga yangicha ko‘z bilan qarayotgani ayni muddao. 2016 yilda buni hech kim tasavvur qilmagan edi. Toshkent, Xiva va O‘zbekistonning boshqa qismlaridan jahonga yangicha nigoh bilan boqishmoqda. Chunki Prezident shu tomonga yetaklayapti. Uning yonida optimist odamlar bor. Ular Amerika bilan rishtalar yaxshilanishiga hamisha ishongan va uzoqni ko‘zlab harakat qilgan.

— Mamlakat hayotiga yangi avlod kirib kelmoqda. Yangi chehralar, yangi arboblar.
— Shunday. Men ularga muvaffaqiyat tilayman. Yangicha g‘ayrat va ishtiyoqni ko‘rib juda xursandman. Prezident Mirziyoyev boshchiligida Vashingtonga kelgan delegatsiya tarkibida shundaylarni ko‘rdim. Katta tajribaga egalar ham, yangi kelganlar ham bor. Bir-birlari bilan yaqindan ishlashmoqda, bir-birlaridan o‘rganishmoqda. Prezident­larimiz erishgan kelishuvni shu insonlar amalga oshiradi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyidagi tashrifini ­tarixiy deb baholadingiz. Nima uchun?
— O‘zbekiston — uzoq tarixga ega diyor. Aloqa o‘rnatganimizga 27 yil bo‘lyapti. Lekin biz hozir yangi O‘zbekiston bilan ishlayapmiz. Bunga may oyida guvoh bo‘ldik. Bu — haqiqatda tarixiy voqea. Chunki Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga ilk tashrifi. Ko‘rib chiqilgan masalalar, imzolangan kelishuvlar, delegatsiya hajmi, Vashington uni qanday kutib olgani — hammasi yangi, misli ko‘rilmagan darajada o‘tdi. O‘zbekistonda uch yarim ­yildan beri ishlayotgan elchi sifatida 2015 yilning boshida Toshkentga kelganimda, bunday o‘zgarishlar bo‘lishini umuman tasavvur qilmagan edim. Yangiliklar odamni xursand qiladi.

Ikki davlat kompaniyalari yangi imkoniyatlar ochishga intilmoqda. Ingliz tili mashg‘ulotlari bo‘yicha ilg‘or dasturlar haqida gap ketyapti. Oliy ta’lim xususida muhim muloqot davom etyapti. Xavfsizlik bobida yangicha hamkorlik... Bularning hammasiga zamonaviy yondashib, yangicha qarab, aniq maqsadlar sari qadam qo‘yish ustida kelishib oldik. 2016 yilda boshlangan muloqot astalik bilan bizni mana shunday yirik kelishuvga yetakladi. Tomonlar bir-birini yaqindan tanimoqda, rishtalar o‘rnatilmoqda, fikrlar almashilmoqda. Prezident Mirziyoyevning tashrifi — ulkan burilish. Qo‘shma bayonot esa yangi davrning boshlanishidir.

Avval bunchalik g‘ayrat va xohish bo‘lmagandir. Biroq hozirgi harakatlarimiz ishonchga asoslangan. Gap faqat AQSHda emas. Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan ham yaqindan ishlamoqchi. Real hamkorlikka intilmoqda.

— Elchi xonim, bu tashriflarni tashkillashtirish nozik ish. O‘zbekiston hukumati bilan ishlash hozir qanday? Ma’muriyatlararo aloqa haqida so‘rayapman. Islohotlar, avvalo, hukumatning faoliyatini yaxshilashi kerak. Ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun shu qiziq: hukumatimiz hozir qanday ishlaydi? Bu borada nima o‘zgardi, masalan, rahbariyatda?
— To‘g‘ri. Bugun O‘zbekiston hukumati ochiqroq. O‘zbekiston ahli va AQSH elchixonasi hukumat tizimlari ochilayotganini birdek his etmoqda, nazarimda. Oldinlari odamlar muammosiga yechim izlashga qiynalar edi. Pensiyasini ololmay, uyini isita olmay azobda edi. Virtual qabulxona ochilganida va ular mamlakat bo‘ylab qanot yozganida xalq juda quvondi. Hukumat ularning dardini eshita boshladi.

Diplomatik jihatdan ham shunga guvoh bo‘ldik. Oldin hukumat bilan biror masalada gaplashmoqchi bo‘lsak, rasman xat yozib, iltimos qilar edik. Javobini kutib o‘tirardik. Albatta, ularning arxivi bo‘lgani yaxshi. Har bir aloqani xatlab borar edik. Lekin vaqtni boy berardik. Gaplashish qiyin edi. Muloqot yo‘lida to‘siqlar bor edi. Hozir esa telefon qilamiz va bemalol gaplashamiz. Elektron xatlar almashamiz.

— Telefon qilganingizda ­boshqacha qabul qilishmaydimi?
— Yo‘q, yo‘q. Ular o‘zlari hozir menga telefon qilishadi. Masalan, moliya vaziri qo‘ng‘iroq qiladi yoki tashqi savdo vaziri bilan gaplashaman. Tizim ochilyapti, bu aloqa normallashib, tabiiy bir shaklga kirdi deganidir. Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomatimiz Elis Uells shu yil boshida O‘zbekistonga kelganida mazkur masalani ko‘targan edi. O‘zgarishlarni ko‘ra boshladik. O‘zbekiston xalqi his qilayotganidek, biz ham hukumat ochilayotganini ko‘ryapmiz.

Bu — faoliyat takomillashib, samaradorlik oshishidan dalolat. Faqatgina hujjatlar orqali gaplashmay, masalalarni bemalol muhokama qilishning ta’siri kuchli vujudga kelyapti. Shuning o‘zi real muloqot. Men uchun bu hukumatdagi ulkan yangilik.

Tashrifni tashkillashtirish, aytganingizdek, juda nozik ish va uni hamma ham eplay olmaydi. O‘zbekiston tomoni ham, mening jamoam ham qattiq ishladi. Transport masalasidan tortib, katta delegatsiyaga viza berishgacha bo‘lgan jarayon. Xullas, hammasi o‘z vaqtida va puxta bajarildi. Har bir xodimga katta mas’uliyat yuklangan edi. Bunda diplomatlarimiz o‘z hissasini qo‘shdi. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, AQSHning Toshkentdagi elchixonasi, har ikkisi ham o‘ta muhim idoralar ekanini isbotladi.

Ishonchim komilki, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar bundan keyin ham izchil rivojlanib boradi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?