Toshkentda imkoniyati yoʻq aholi mahallalarda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda

16:02 19 Iyul 2019 Jamiyat
161 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahar Xalq qabulxonasi hamda Toshkent shahar tibbiyot bosh boshqarmasi hamkorligida mahallalarda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etilmoqda. Jumladan, shu yilning birinchi yarmida ushbu tadbirlarga 11 mingga nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi.

— Shu kunga qadar tibbiyot xodimlari bilan birga poytaxtimizdagi koʻplab mahallalarda boʻldik, — deydi Toshkent shahar Xalq qabulxonasi vakili Oybek Teshabekov. — Ular orasida tibbiy koʻrikka borishga imkoniyati yoʻq, toʻshakka mixlanib qolganlar ham bor-da. Bizning tashabbusimiz ana shunday fuqarolarga zarur sharoitlarni yaratib berayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Tibbiy koʻrik natijasida 4 mingdan ortiq kasalliklar aniqlanib, ularning turiga qarab sogʻlomlashtirish choralari koʻrilyapti.

Tadbir doirasida nogironligi bor 16 nafar fuqaroga maxsus aravachalar, protez-ortopedik vositalari va boshqa turdagi homiylar sovgʻalari ham hadya etildi. Mingga yaqin bemorlar bepul dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

Ayni paytda aholiga xursandchilik ulashayotgan va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?