Toshkentda Ichki ishlar xodimi ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan ayoldan 2,5 ming dollar pora oldi

11:31 11 Dekabr 2019 Jamiyat
291 0

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari boʻyicha Zangiota tuman sudining ajrimi bilan mahkuma Sabina Ikromovaning ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmay qolgan 3 yilu 3 oydan ziyodrogʻi ozodlikni cheklash jazosiga oʻzgartiriladi. S. Ikromova hisobda turish maqsadida Yashnobod tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasini muvofiqlashtirish boʻlimi ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish guruhiga keladi va katta inspektor Umrzoq Bazarov u bilan suhbat oʻtkazadi. Suhbat jarayonida katta inspektor uning oilasi, hayoti va qamalish sabablari haqida soʻraydi. Shu-shu mahkuma bilan munosabatlari yaxshilana boradi. Qoʻngʻiroq qilib, tugʻilgan kun va bayram munosabati bilan koʻrishib, birga nishonlash taklifini beradi. Kechki payt Yashnobod tumanining Parkent bozori yaqinida joylashgan “Arkadiy” kafesida oʻtirar ekanlar, u oʻz hayoti haqida, 5 nafar qizi borligi, oilasida faqat oʻzi ishlashi, ishi ogʻirligi, iqtisodiy jihatdan ancha qiynalib qolganligi toʻgʻrisida gapiradi.

Sabina inspektorning har oyning 5, 15 va 25-sanalarida inspeksiyaga nazoratdan oʻtish uchun kelib oʻtirmasdan tinch va bemalol yurishi, ozodlikdan mahrum etish joyiga qaytarib yubormasligi evaziga har oyda 200 AQSH dollari miqdorida pul berib turishi lozimligi haqidagi taklifini rad etgach, bu suhbat yozib olinayotganidan bexabar U. Bazarov turli bahonalar bilan undan kiyim-kechak va boshqa narsalar soʻray boshlaydi. Sobiq mahkuma undan tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi, yaʼni, viloyatlarga chiqib kelishi uchun ozodlikni cheklash jazosi toʻsqinlik qilayotganligi, oʻzini ozodlikni cheklash hisobidagi roʻyxatdan olib tashlashga yordam berishni soʻraydi. Shunda katta inspektor oʻzining ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotganlarni nazorat qilishini va asos yetarli boʻlsa, ularga nisbatan cheklovlarni bekor qilish yoki yengillatish haqida sudga taqdimnoma kiritish vakolatiga egaligini (holbuki, S. Ikromovaning sogʻligi yomonlashib shifoxonada davolangani va bu imtiyozga egaligini bilsa ham), 5 ming AQSH dollari bersa, jazoning qolgan qismini yengillatishga yordam bera olishini, keyin xohlagan davlatiga chiqib kelishi mumkinligini aytadi. Maqsadiga erisholmagandan keyin esa: “Men bu summani yarmiga, yaʼni 2 500 AQSH dollariga tushira olaman”, deb yana tamagirlik qiladi.

Har gal roʻyxatdan oʻtish uchun kelganida inspektor pul soʻrayverganidan bezor boʻlgan Sabina mahkumalarni nazorat qilgan katta inspektor notanish kishining yonida oʻzini nazorat qila olar, degan oʻyda tanishi bilan birga kela boshlaydi. Shunda katta inspektor binoni taʼmirlash ishlari uchun 1 million soʻm soʻraydi. Sabina buncha puli yoʻqligini aytganida, “Pul bermasangiz 10 tup archa koʻchati olib keling”, degan talabni qoʻyadi. Shunda Safina sherigi bilan “Azalya” gul va koʻchat doʻkoniga borib, 10 tup archa koʻchatini olib kelib beradi. Ammo shu bilan “qiynalgan” inspektorning iddaosi tugamaydi, Sabina har gal nazoratdan oʻtish uchun kelganida “Pul opkeldingizmi?”, “Qachon opkelasiz?”, “Bolalarimning maktab bozoriga 300 AQSH dollari bering!” deya tamagirlik qilaveradi.

Har bir narsaning nihoyasi, sarhadi, chek-chegarasi bor, hatto sabrning ham!

Bir tomchi suv ham toʻlib turgan sabr kosasining toshib ketishiga sabab boʻladi. Yana qamalishdan qoʻrqib, katta inspektorni turli joylarda ovqatlantirishdan, tinimsiz tamagirlikdan charchagan, ruhiy iztirobga tushgan mahkuma nihoyat bularning barchasiga chek qoʻyish lozimligini anglaydi va bunday holatga qarshi kurashishga qaror qiladi. U Toshkent shahar DXX boshqarmasiga murojaat qiladi va Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tashkil etadigan tadbirda ishtirok etishga rozilik beradi. Departament boshqarmasi maxsus fondidan 25 dona 100 AQSH dollari kupyurasidagi jami 2 ming 500 AQSH dollarining pastki va ustki qismidagi 2 ta 100 AQSH dollaridaga maxsus qalamda “PORA” soʻzini yozib, soʻng maxsus kukun bilan ishlov beriladi. S. Ikromova mazkur 2 ming 500 AQSH dollari va ovoz yozish moslamasini olgach, U. Bazarov bilan telefon orqali uchrashishga kelishib, soat 12.10 lar chamasi Yashnobod tumani, Chigʻil koʻchasi, 4-uyda joylashgan Yashnobod tuman IIO FMBning ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish inspeksiyasiga keladi. Uni derazadan koʻrgan katta inspektor mahkumani xonaga boshlaydi. Katta inspektorning “Olib keldingizmi?” degan savoliga xonada taʼmirlash ishlari boʻlayotganligi sababli odam koʻpligidan “choʻchigan” S. Ikromova “Shu yerdami?” deya savolga savol bilan javob qaytaradi. Katta inspektor esa xotirjamlik bilan “Beravering, bularning hammasi oʻzimizniki”, deya mahkumani ichkari xonaga boshlab kirib, uning “Pullarni hozir bozorda ayirboshladim, sanab ham koʻrmadim”, degani uchun birma-bir sanab olib, toʻgʻriligini, haqiqatan ham 2 500 AQSH dollari ekanligini tasdiqlaydi.

Sabinaning “Pul toʻgʻri boʻlsa, ish qachon hal boʻladi?” degan savoliga esa uch oylarda hal boʻlishini aytadi. Katta inspektor mahkumani kuzatishga chiqadiyu tezkor xodimlar va xolislarga duch kelib, hammasini tushunadi.

Ehtimol, oʻsha lahzalarda “boqishga qiynalayotgan” otasidan faxrlanadigan 5 nafar qizi bir-bir koʻz oldidan oʻtgan boʻlsa, ularning kimning qoʻliga qarab qolishi haqida oʻylagan boʻlsa, ajab emas. Ammo, afsuski, vaqtni ortga qaytarib boʻlmaydi.

Endigina 41 yoshni qarshilagan, hali yurtdoshlaridan, far­zandlaridan koʻradigan ehtiromi, qoʻsha-qoʻsha toʻylari, yaxshi kunlari oldinda boʻlgan Umrzoq Bazarovning bu ahvolga tushishiga nima sabab boʻldi? Masʼul lavozimda ishlayotgan katta inspektor xalq va davlat ishonchini suiisteʼmol qilib, evaziga 5 yilu 1 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Bu uning nafs quliga aylangani oqibati emasmi?

Qonunlarimiz adolatli. Qonun oldida IIB yoki huquq organi xodimimi yoki oddiy fuqaromi, kim boʻlishidan qatʼiy nazar — barcha barobar! Jinoyat qilgan bor-ki — jazo muqarrar!

Qahramon MIRSAFAYEV,
jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudi sudyasi,

Saodat MATYOQUB qizi,
“Adolat” muxbiri (“Adolat” gazetasi,2019-yil 6-dekabr)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?