Toshkentda gepatit B va S turlarini bartaraf etish uchun AQSHning CDAF fondi jalb etildi

16:42 29 Iyul 2019 Jamiyat
216 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, bugun butun dunyoda 257 million odam virusli gepatitning B turidan, 70 million odam esa S turidan aziyat chekmoqda. Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda bu kasallik eng koʻp Toshkent shahrida kuzatiladi.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamkorligida mamlakatimizda gepatit kasalligi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida bu borada atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda qayd etilishicha, gepatit V oʻz vaqtida aniqlanib davolanmasa, jigar sirrozi va gepatotsellyulyar karsinoma, yaʼni jigar saratoni kelib chiqishiga sabab boʻladi. Ushbu masalalar va shunga doir boshqa muammolarni Oʻzbekiston hududida bartaraf etish, aholining sogʻligʻini asrash, gepatit kasalliklarining oldini olish maqsadida AQSHning Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) fondi bilan hamkorlikda virusli gepatit V va S ning 2019-2020-yillarga moʻljallangan maxsus loyiha ishlab chiqildi.

Matbuot anjumanida mazkur loyiha doirasida poytaxtimizdagi tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida soʻz yuritildi. Mazkur loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Dastavval loyiha ishchi guruhi tuziladi, soʻngra, loyihada ishtirok etadigan oilaviy poliklinikalar tanlab olinadi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti olimlari va malakali mutaxassislarini jalb etgan holda tibbiy-maslahat markazi tashkil etiladi va tadbir ishtirokchilari uchun seminar-treninglar oʻtkaziladi.

Anjumanda taʼkidlanishicha, gepatit V va S bilan kasallangan bemorlarni kasallikning ilk bosqichlarida aniqlash maqsadida skrining ishlarini samarali tashkil etish uchun Oʻzbekiston tibbiyotiga 1.02 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan.

- Bizning xalqaro tashkilotimiz bugungi kunda toʻqsonta davlatda gepatitlarni bartaraf etish dasturi boʻyicha faoliyat yuritib kelmoqda. — deydi CDAF fondining bosh direktori Xommi Ruzavi. — Dasturimiz Oʻzbekistonda gepatitlarni bartaraf etish dasturi deb ataladi. Bunda barcha barcha odamlar bepul tekshiruvdan oʻtadilar. Hozirda gepatitlarning beshta turi mavjud va ular orasida aynan tadbirda taʼkidlab oʻtilgan ikki turi oʻlimga olib keladi. Aholi orasida bu ogʻir xastalikni oldini olish va davolash uchun dastur doirasida bir qator qulayliklarni yoʻlga qoʻyganmiz. Masalan, kam taʼminlangan odamlarga imtiyozli ravishda va hatto bepul dori olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Qolaversa, dasturga jalb etilgan hamshiralarga maxsus darslar oʻtilib, ularga planshetlar taqdim etildi. Barcha bemorlar onlayn roʻyxatga olib boriladi va tashxislar qayd etib boriladi.

Tadbirda tegishli davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar va OAV xodimlari ishtirok etdi va jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi.”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?