Toshkentda fargʻonalik ayol oʻzini elektr ustunidan tashlamoqchi boʻldi

10:10 07 Avgust 2020 Jamiyat
282 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkentdagi yuqori voltli elektr uzatish tarmogʻi ustunidan oʻzini tashlamoqchi boʻlgan ayol haqidagi videoga rasmiy munosabat bildirildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati qayd etishicha, videoda aks etgan voqea 6-avgust kuni Olmazor tumanidagi Kichik halqa yoʻli koʻchasida yuz bergan. Ayol yuqori voltli elektr uzatish tarmogʻi ustuniga chiqib olgan va atrofdagilarga oʻzini tepadan tashlab, oʻz joniga qasd qilmoqchiligini aytgan. Buni tumanda xizmat olib borgan profilaktika inspektorlari va patrul-post xizmati avtoekipaji xodimlari koʻrib qolgan. IIBB xodimlari ayolning yoniga chiqib, uni pastga tushirgan va ayol Olmazor tumani IIO FMB 6-son IIBga yetkazilgan.

Aniqlanishicha, oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan ayol Fargʻona viloyatidan boʻlgan 36 yoshli D.U. boʻlib, poytaxtning Olmazor tumanida vaqtinchalik yashab kelgan. Oʻz xatti-harakatining sababi soʻralganda ayol ishsiz qolib, nochor ahvolda ekanligini maʼlum qilgan.

Olmazor tumani shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2-sektor boshligʻi ayolni tinglab, unga yarimfabrikat mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonaga ishga joylashishda yordam bergan. Shuningdek, ayolga 2 million soʻm miqdorida moddiy yordam berilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda ayol bilan psixolog ish olib bormoqda.

“Agar siz ishga joylashish bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan boʻlsangiz, vakolatli idoralarga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Pandemiya sababli yuzaga kelgan hozirgi qiyin sharoitda ham mehnat bozorida koʻplab boʻsh oʻrinlari mavjud”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?