Toshkentda yetti kishini zaharlagan fuqaroga sud hukmi o‘qildi 

17:38 19 Aprel 2018 Jamiyat
475 0

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro Olesya Danilova, 2017 yilning mart oyida “Aviasozlar” bozoridagi notanish sotuvchidan 3 xil turdagi 18 kilogramm qo‘ziqorin sotib olgan. U qo‘ziqorinlarni kuz-qish mavsumida iste’mol qilish uchun uy sharoitida konservalab saqlab qo‘yadi.

Sentyabr oyida, aniqrog‘i 12 sentyabr kuni fuqaro Danilova konservalangan qo‘ziqorinlarning bir qismini “Oloy” bozorida sotadi. Aynan shu kundan Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutiga ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan bemorlar kela boshladi. Jami 7 nafar bemor davolanish uchun yotqiziladi. Ulardan biri — Margarita Kosheleva, og‘ir zaharlanish bilan vafot etgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yashnobod tumani 61-maktabda o‘tkazilgan sayyor sud yig‘ilishida fuqaro Olesya Danilovaga sud hukmi o‘qildi. Jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yilu 6 oy sinov muddatiga almashtirildi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?