Toshkentda dolzarb mavzuga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi

21:42 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
526 0

Mamlakatimiz uchun qishloq xoʻjaligi sohasi ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Ushbu soha Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining 32 foizini tashkil etayotgani, mehnatga layoqatli aholining 27 foizini ish bilan taʼminlab turgani buning tasdigʻidir.

Binobarin, soʻnggi yillarda tarmoqda olib borilayotgan davlat siyosati sifat jihatdan ham, istiqbol nuqtayi nazaridan ham mutlaqo yangilandi. Bunda sinovdan oʻtgan xorij tajribasi hamda zamonaviy tendensiyalar uzluksiz eʼtiborga olib kelinayotgani muhim ahamiyat kasb etyapti. Bularning barchasi respublikaning iqtisodiy oʻsishiga qaratilgan.

Xususan, agrar sektorlardan yetkazib berilayotgan mahsulotlar eksporti hajmi ortib, fermerlar va agroklasterlar daromadlari real darajada koʻpayib borayotgani shundan dalolat berib turibdi.

Zero, qishloqlarda aholining turmush darajasini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarini arzonlashtirish, mamlakatning ishonchli oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ayniqsa, bugungi inqirozli davrda asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Davlat rahbari taʼkidlaganidek, oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam taʼminlanganlarni rozi qila olamiz.

Bu yoʻlda soʻnggi 3 yilda oziq-ovqat, chorvachilik, meva-sabzavotchilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 28 trillion soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Koronavirus pandemiyasining narx-navoga taʼsiri inobatga olinib, joriy yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona toʻlovlaridan ozod qilindi.

Ammo tan olish kerak, sohada hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar, ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Bu borada xorijlik ekspertlar bilan oʻzaro fikr almashish, amaliy koʻnikmalarni oʻrtoqlashish, konstruktiv muhokamalarni izchil davom ettirish esa shubhasiz samarali vosita sanaladi.

Shulardan kelib chiqib hukumatning tegishli farmoyishiga muvofiq Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Germaniyaning IAMO va AQSHning IFPRI institutlari bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda sogʻlom iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish va hududiy hamkorlik” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilmoqda.

Bugun oʻz ishini boshlagan muhim anjuman oliy va oʻrta maxsus taʼlim, qishloq xoʻjaligi, innovatsion rivojlanish vazirliklari, shuningdek, Germaniyaning Oʻtish iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish Leybnis instituti (IAMO) va AQSHning Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti bilan yaqin hamkorlikda videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi.

Unda respublika darajasidagi muassasa va vazirliklar rahbarlari, viloyatlar hokimlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, Germaniya, Italiya, AQSH, Yaponiya, Koreya, Malayziya va MDH davlatlarining 30 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar va ekspertlari, shu jumladan, Amerikaning IFPRI instituti bosh direktori Yoxan Svinnen va Germaniyaning Leybnis instituti direktori Tomas Glauben kabi jahonda tan olingan mutaxassislar qatnashmoqda. Shularning oʻziyoq konferensiya xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan yirik ilmiy-amaliy tadbir ekanligini koʻrsatib turibdi.

Nufuzli forumni tashkil etishdan koʻzlangan pirovard maqsad esa dunyoda hukm surayotgan Covid-19 pandemiyasi sharoitida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishining oldini olish, qishloq xoʻjaligidagi mavjud resurslar va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, oziq-ovqat ekinlari hajmini optimallashtirish, raqobat muhitini shakllantirish borasida ilgʻor zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdir.

— Maʼlumki, Markaziy Osiyo hududlari unumdor yerlari, suv resurslari, energiya va qishloq xoʻjaligi boʻyicha bir-biridan farq qiladi, — deydi TDIU rektori Qoʻngʻirotboy Sharipov. — Xoʻsh, ushbu tafovutlar va oʻxshashliklar nimaga xizmat qiladi? Ular, eng avvalo, mintaqaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun muhim omil boʻlib, oziq-ovqat, savdo va infratuzilma jabhasidagi siyosat, ilm-fan, innovatsiyalarni uygʻunlashtirish, institutsional tuzilmalarni muvofiqlashtirish, mintaqaning barqaror rivojlanishiga yordam beradi. Bu ham konferensiya mavzusi ahamiyatini nechogʻli katta ekanligini koʻrsatib turibdi. Mazkur anjuman olimlar, siyosatchi va ishbilarmon doira vakillari hamda fuqarolik jamiyatlari institutlari uchun oʻzaro gʻoya, tashabbuslarni almashish platformasiga aylanganining boisi ham shunda. Bunday ilmiy-amaliy hamkorlik esa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani rivojlantirishga hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasiz

Buni konferensiya ishida muhokama qilinayotgan masalalar yoʻnalishlari va koʻlami ham alohida tasdiqlaydi.

Covid-19 pandemiyasi sharoitida aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash; qulay agrobiznes muhitini shakllantirish va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish omillari; tarmoqni qoʻllab-quvvatlash: davlat xarajatlarini optimallashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yoʻllari; qishloq xoʻjaligida taʼlim — ilm-fan — ishlab chiqarish integratsiyasi va xalqaro maydonda yuz berayotgan yangi tendensiyalar; qishloq xoʻjaligida raqamli texnologiyalar va ishlab chiqarish omillaridan samarali foydalanish yoʻllari shular jumlasidandir.

Yana bir muhim jihati, shuʼba formatida tashkil etilgan konferensiya davomida olinadigan ilgʻor xorijiy tajribalarni Oʻzbekiston misolida amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Yakunda oliy taʼlim — ilm-fan — ishlab chiqarish integratsiyasidan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholini qishloq xoʻjaligi tovar va xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini muntazam qondirib borish boʻyicha berilayotgan takliflar ham toʻplanib, bu borada tashlanayotgan amaliy qadamlarda inobatga olinadi.

Anjuman oʻz ishini davom ettirmoqda.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?