Toshkentda “Deutsche Welle” mediatuzilmasi taqdimoti o‘tkazildi

10:50 11 Avgust 2018 Madaniyat
239 0

Kuni kecha “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xalqaro press-klub bilan hamkorlikda “Deutsche Welle” akademiyasi vakillari ishtirokida “Zamonaviy jurnalistika uchun kadrlar tayyorlash: “Deutsche Welle” akademiyasi tajribasi“ mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, davlat idoralarining oshkoralik va shaffoflik prinsiplari bo‘yicha oldinga qo‘ygan qadamlari, zamonaviy jurnalistika yutuqlari hamda soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishning muhimligini ta’kidladilar.

Xususan, O‘zbekistonda yetuk jurnalistlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, mediatuzilmalar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida “Deutsche Welle” mediatuzilmasi taqdimoti o‘tkazilib, bugungi kunga qadar bosib o‘tgan faoliyat yo‘li taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, Akademiya faoliyati, xorijiy mutaxassislar uchun taqdim etiladigan o‘quv kurslari va dastur haqida axborot berildi.

Ma’lumot uchun, “Deutsche Welle” (“Nemis to‘lqini”) teleradiokompaniyasi Germaniyaning xorijiy tinglovchilar va tomoshabinlarga mo‘ljallangan yirik mediatuzilmasi bo‘lib, 60 mamlakatda 3 mingga yaqin xodimi faoliyat olib boradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “Deutsche Welle” teleradiokompaniyasi auditoriyasi qariyb 150 million kishini tashkil etadi.

2004 yilda kompaniyaning radio va telejurnalistlar malakasini oshirish markazi bazasida akademiya tashkil etilgan. Ushbu akademiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri zamonaviy OAVni rivojlantirish, xususan, xalqaro standartlarga mos jurnalist kadrlarni tayyorlashdan iborat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?