Toshkentda boʻlib oʻtadigan Investitsion biznes forumga Turkiyadan 150 dan ortiq biznesmen tashrif buyuradi

11:52 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
214 0

2019-yilning 2-oktyabr kuni Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchisi Alisher Agzamxodjayev Turkiya Savdo palatalari va birjalari ittifoqi raisi Rifat Hisarchiklioglu bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Uchrashuv chogʻida Rifat Hisarchikliogluning Turkiy Kengash Ishbilarmonlar kengashining Toshkent shahrida oʻtkaziladigan birinchi yigʻilishi va 5-oktyabr kuni Oʻzbekiston poytaxtida turkiy dunyo ishbilarmonlari ishtirokida boʻlib oʻtadigan Investitsion biznes forumi ishida qatnashish uchun Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifining tashkiliy va mazmuniy jihatlari muhokama qilindi.

Turkiya Savdo palatalari va birjalari ittifoqi raisi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yuqori baholadi.

Rifat Hisarchiklioglu turkiy dunyo ishbilarmonlari nomidan biznes bilan shugʻullanishga mamlakatda yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

Rifat Hisarchiklioglu Turkiyaning yirik tadbirkorlaridan biri hisoblanadi va 2002-yildan beri Turkiyaning barcha ishbilarmonlik subyektlarini – 1,5 mln.dan ortiq subyektni birlashtiruvchi Savdo palatalari va birjalari ittifoqini boshqarib kelmoqda. U, shuningdek, Yevropa Savdo palatalari ittifoqi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari Savdo palatalari ittifoqi raislarining oʻrinbosari, Savdo palatalari xalqaro assotsiatsiyasi boshqaruvi aʼzosi ham hisoblanadi. Rifat Hisarchikliogluning yordamchisi Adem Kuda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (ECO) aʼzo davlatlar Savdo palatalari birlashmasining bosh kotibi hisoblanadi.

Tashrif doirasida Rifat Hisarchikliogluga Turkiya Savdo palatalari va birjalari ittifoqi rahbariyati aʼzolari, ECOga aʼzo davlatlar Savdo palatalari birlashmasining bosh kotibi va 150 dan ortiq turkiyalik biznesmenlardan iborat nufuzli delegatsiya hamrohlik qiladi.

Tashrif dasturiga koʻra Ittifoq raisi Toshkent shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.

Turkiy dunyo Ishbilarmonlari kengashi yigʻilishi va yuqorida qayd etilgan biznes forum Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda hamda Anqara shahridagi mamlakatimiz Elchixonasining koʻmagida oʻtkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarni tashkillashtirish boʻyicha tashabbus ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yilning 3-sentyabrda Choʻlpon ota shahrida (Qirgʻiziston) oʻtkazilgan Turkiy Kengashning 6-Sammiti chogʻida eʼlon qilingandi. Mazkur forum turkiy dunyo biznes-doiralari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda Oʻzbekistonning turkiy tilli davlatlar bilan tadbirkorlik, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish uchun maydon yaratishni maqsad qilib qoʻygan. Rasmiy sessiyalarga qoʻshimcha tarzda “B2B” shaklida ishbilarmonlik uchrashuvlari ham boʻlib oʻtadi.

Forumda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi aʼzo davlatlarining Savdo-sanoat palatalari raislari, yuqori mansabli hukumat vakillari, Turkiy Kengash tadbirkorlari va biznesmenlari ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Hozirgi kunga qadar Turkiy Kengashga aʼzo davlatlarning 300 dan ortiq tadbirkorlari roʻyxatdan oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?