Toshkentda AQSH gospitali bilan bolalar saratoni boʻyicha seminar tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad nima?

14:47 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
60 0

Poytaxtimizdagi Wyndham mehmonxonasida bolalar saratonini samarali davolash masalalariga bagʻishlangan uch kunlik seminar oʻz ishini boshladi. Dolzarb mavzuga bagʻishlangan mazkur tadbir AQSHdagi nufuzli St. Jude Childrenʼs Research Hospital ilmiy-tadqiqot tibbiyot muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.

Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad bolalar saratonini davolashning zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish, Oʻzbekiston sharoitida ushbu sohada tibbiyotning yangi uslublarini koʻrib chiqish va tatbiq etish, xorijning yetakchi muassasalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar va hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish, shuningdek, mahalliy onkolog va gematologlar malakasini oshirishdir.

Anjuman mamlakatimiz elchixonasi vakillarining 2018-yil boshida Tennesi shtati Memfis shahriga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Aynan ushbu shaharda yuqorida nomi qayd etilgan klinika joylashgan.

Oʻshanda tomonlar St. Jude Global va Oʻzbekiston oʻrtasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishgan edi. Xususan, bolalarda saratonga qarshi kurashish boʻyicha milliy rejani ishlab chiqish, davolashning asosiy tamoyillari hamda Oʻzbekistondagi har bir bolaga sifatli yordam berish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bu boradagi salohiyatni kuchaytirish, taʼlim loyihalarini ishlab chiqish yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Maʼlumot uchun, 1962-yilda asos solingan St. Jude bugungi kunda bolalar oʻrtasida onkologik kasalliklarning turli koʻrinishlarini davolashga ixtisoslashtirilgan dunyodagi eng yirik pediatriya davolash-tadqiqot dargohlaridan biridir.

U tashkil topgandan buyon saratondan aziyat chekayotgan bolalarning yashab qolish koʻrsatkichini 20 foizdan 90 foizga koʻtarish imkoniyati paydo boʻldi.

2018-yil mart oyida St. Jude bolalar saratoni boʻyicha JST bilan hamkorlik qiladigan birinchi markazga aylandi. Oʻtgan yilning sentyabr oyida esa JST bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Global tashabbus bilan chiqqan boʻlsa, St. Jude uni amalga oshirish yoʻnalishida sherik sifatida belgilandi. Mazkur tashabbus BMT Bosh assambleyasining yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishida eʼlon qilingan. Bu mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi hamda BMTning Oʻzbekistondagi  doimiy vakolatxonasi koʻmagi sharofati bilan yuzaga kelgani eʼtiborga loyiq.

Yurtimizning Vashingtondagi diplomatik missiyasi maʼlumotiga koʻra, mazkur seminar St. Jude, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropadagi mintaqaviy ofisi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi shafeligida tashkil etildi. Shu kabi tadbirlar Rossiya, Qozogʻiston va Belarusda ham oʻtkazilganini eslatib oʻtish joiz.

Unda Oʻzbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻiliston, Moldova, Rossiya, AQSH, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Shveysariyadan ushbu sohada faoliyat yurituvchi qariyb 100 nafar yetakchi ekspert hamda sogʻliqni saqlash idoralari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir sogʻliqni saqlashning onkologik xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston hamda Yevrosiyodagi saraton va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yashab qolishini koʻpaytirish yoʻlida soha mutaxassislarini birlashtiradi.

Muloqot oʻz ichiga taʼlim sessiyalari, gematologik va onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha shoʻba muhokamalari, shu mavzuning dolzarb jihatlariga oid maʼruzalarni oʻz ichiga olgan.

Seminar dasturida xorijlik ekspertlarning mahalliy mutaxassislar bilan uchrashuvi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va MDH davlatlari sogʻliqni saqlash vazirliklari vakillari ishtirokida yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati boʻyicha yigʻilishni tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Bundan koʻzlangan maqsad JSTning Global tashabbusini Oʻzbekistonda tatbiq etish boʻyicha kelgusi qadamlarni aniqlab olishdir.

JST va St. Jude klinikasi taʼlim sessiyalari orqali Oʻzbekiston hamda mintaqa kesimidagi onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish, JST, St. Jude va Yevrosiyo mamlakatlari ishtirokida xalqaro qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish tadbirning asosiy vazifasi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?