Toshkentda Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi ochildi

13:33 03 Iyul 2018 Sport
690 0
Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Butun dunyo ahli Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati rivojini kuzatayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda bo‘lg‘usi futbol yulduzlari avlodini tayyorlash uchun yana bir tamal toshi qo‘yildi.

Joriy yilning 2 iyul kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi sport kompleksi stadionida Amerika-Ispaniya Futbol akademiyasi (AIFA) rasman o‘z faoliyatini boshladi. Respublika miqyosidagi ushbu loyiha O‘zbekistonda yuqori darajali futbolchilar tayyorlash tizimiga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Loyiha o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘ygan:

  • O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish;
  • yosh futbolchilarni loyiha hamkorlari hisoblangan mamlakatlar, xususan, AQSH, Ispaniya, Braziliya, Venesuela, Kolumbiya va Argentina futbol klublarining professional usullari asosida har tomonlama tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash;
  • AIFA yuniorlarining xalqaro musobaqalarida ishtirok etishiga yordamlashish, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa uchun sport zahirasini tayyorlash;
  • sport targ‘iboti va yoshlarning intellektual jihatdan rivojlanishiga ko‘maklashish.

AIFA loyihasi tashabbuskori — o‘zbekistonlik ishbilarmon, “GoUzbekTour.com” va “UzbekistanTurismo.com” turkompaniyalari asoschisi, AQSH (Orlando, Florida shtati)dagi Futbol akademiyasi hamkori Shuhrat Qosimov. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “INTOUR-TRAVEL” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Tashkilotchilar futbolga qiziquvchi barcha bolalarga jahon miqyosida professional futbol bilan shug‘ullanish, xalqaro turnirlar, futbol yulduzlarining mahorat darslarida qatnashish va mazkur loyiha hamkor mamlakatlarining diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qilish imkonini taqdim etish niyatidalar.

“Bu tadbirlarda ishtirok etish uchun biz eng yaxshilarini tanlamaymiz — bunday imkonga hamma ega!” - deydi futbol maktabiga taklif qilingan, o‘zbekistonlik bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan o‘quv dasturi muallifi, xorijlik murabbiy Gustavo Jeremillo”.

Dastlabki bosqichda AIFAga bolalarni jalb qilish va o‘rgatish Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi sport seksiyalarida olib boriladi. Ularda 4 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar ishtirok etishlari mumkin. Ilk uch oyda o‘zbekistonlik murabbiylar mashg‘ulotlarni AQSHdagi Futbol akademiyasi asoschilari Nelson Veles va Gustavo Jeremillo tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida olib borishadi. Keyin esa loyihaning hamkor mamlakatlari — AQSH, Ispaniya, Braziliya, Kolumbiya, Venesuela, Argentina professional klublaridan kelgan murabbiylar o‘tkazishadi.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

O‘qish davomida asosiy e’tibor bolalarda futbol bo‘yicha professional sport ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga, ularning intellektual o‘sishiga, o‘quv fanlaridan ham yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishlariga qaratiladi.

Hozirning o‘zida 10 nafarga yaqin murabbiy o‘z shogirdlari bilan mazkur dastur bo‘yicha shug‘ullanishga tayyorligini bildirdi. Bu esa poytaxtning tuman sport seksiyalariga qatnovchi 150 nafardan ziyod yosh futbolchilardir.

Umid qilamizki, ushbu tashabbus poytaxtimizdagi futbolga qiziquvchi bolalar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi va pirovardida mamlakatimiz futbolining rivoji uchun xizmat qiladi.
Botir G‘ofurov.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?