Toshkentda 3 kun ichida avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berishdan salkam 1 mlrd soʻm ishlandi

14:05 26 Avgust 2018 Jamiyat
649 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga koʻra, Toshkentda 23 avgustdan yengil avtotransport vositalari oynasini qoraytirishga ruxsatlar berila boshlandi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati bergan xabarga koʻra, oʻtgan 3 kun ichida 30 nafar jismoniy va 15 nafar yuridik shaxs shunday ruxsatni olishga ulgurgan.

Iyunda tasdiqlangan stavkalarga esa quyidagicha edi:

jismoniy shaxslar uchun eng kam ish haqining (EKIH) 90 baravari (16,6 mln soʻm);

yuridik shaxslar uchun EKIHning 120 baravari (22,1 mln soʻm)

xorij davlatiga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar uchun EKIHning 140 baravari (25,8 mln soʻm)

Bundan koʻrinib turibdiki, Toshkentda uch kun davomida tonirovkaga ruxsat olish uchun toʻlovlar miqdori 1 mlrd soʻmga yaqinlashib qolgan.

Toshkent shahar IIBB bunday ruxsatnomani poytaxtdagi uchta diagnostika markazlarida taqdim etmoqda. Tashkilot axborotida tegishli ruxsat olmasdan oʻzboshimchalik bilan avtomobillar oynalarini qoraytirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 126-moddasiga koʻra javobgarlik koʻzda tutilganini eslatib oʻtgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?