Toshkentda 13 nafar tadbirkorga 400 mln so‘m zarar keltirgan jinoiy guruh ishi sudga oshirildi

10:39 30 Iyul 2018 Jamiyat
359 0
Illyustrativ foto

Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan 29 yoshli T.Jamshid, 20 yoshli T.Mirkomil va 21 yoshli M. Azimhojilarning noqonuniy faoliyatiga oid tergov-surishtiruv ishlari yakuniga yetkazildi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Manbada qayd qilinishicha, guruhning to‘rtinchi a’zosiga nisbatan ayni vaqtda qidiruv e’lon qilingan.

Tergov jarayonida ushbu shaxslarning firibgarlikdan tashqari uyushgan guruh tuzib, zo‘ravonlik hamda transport vositalarini olib qochish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi.

T.Mirkomil hamda uning sheriklari oziq-ovqat va maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni bir necha oy davomida aldab kelgan. Ular tadbirkorlardan katta pul miqdoridagi turli tovar va mahsulotlarni sotib berish uchun olgan. Ishonarli bo‘lishi uchun hatto ijaraga ofis ham ochilgan. O‘zlashtirilgan mahsulotlarni o‘z bahosidan arzon narxda sotib, pullarning bir qismi tovar egasiga dastlabki daromad sifatida qaytarilgan. Shu yo‘l bilan yangi mahsulotlarni olish uchun endi boshqa tadbirkor oldiga borilgan.

Bu usul bilan jinoiy guruh a’zolari 13 nafar tadbirkorni chuv tushirgan. Jabr ko‘rganlardan hech biri ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Sababi, firibgarlar vaqti-vaqti bilan ularga pullarining bir qismini berib kelgan. Natijada tadbirkorlar shubhaga bormay, pullarining qaytarilishini kutib yuravergan.

Qilmishlari jazosiz qolayotgan jinoiy guruh a’zolari keyinchalik og‘irroq jinoyatga ham qo‘l ura boshlagan. Jumladan, jabrlanganlardan biri A.Muhammadsodiqni ish yuzasidan uchrashuvga chaqirib, uni zo‘ravonlik bilan salonga o‘tqazishadi. Jinoyatchilardan biri esa mashina boshqaruvini o‘z qo‘liga olib, noma’lum tarafga yo‘l oladi. Yo‘lda jinoiy guruh a’zolari tadbirkor hayotiga tahdid qilib, undan katta summadagi mahsulotlarni talab qiladi. Mashina svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtaganida Muhammadsodiq fursatdan foydalanib, qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

Muhammadsodiq bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qildi. Transport vositasining olib qochilganligi va sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Tergov-surishtiruv jarayonida T.Mirkomil va uning sheriklari tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatlari fosh etildi. Jinoiy guruh tomonidan 13 nafar tadbirkorga keltirilgan zarar miqdori 400 million so‘mni tashkil etgani aniqlandi.

Ayni vaqtda mazkur ish sudda ko‘rib chiqilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?